O‘zbekistondagi eng yirik stadion necha pulga qurilayotgani ochiqlandi

eʼlon qilindi
Stadion 55 ming muxlisni qabul qila oladi
Foto: kocconstruction.com

Yangi Toshkentda barpo etilayotgan yangi futbol arenasining qiymati 100 mln dollarga baholanmoqda. Stadion 55 ming muxlisni qabul qila oladi va 2027-yilgi «U-20» jahon chempionatida O‘zbekistonning asosiy stadioni bo‘lishi kutilmoqda. Stadion qurilishi va uning hozirgi holatiga oid ma’lumotlar Kyrgyzfootball Instagram sahifasida e’lon qilingan.

Stadion 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan

Yangi futbol majmuasi FIFAning xalqaro talablariga mos ravishda qurilmoqda. Unda 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining muhim uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Xususan, yarim final va final bahslari ham ushbu arenada tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, olti qavatli stadion nafaqat asosiy futbol maydonini, balki sportchilar va tomoshabinlar uchun zarur infratuzilmani ham qamrab oladi.

Majmua tarkibida:

  • 3 ta mashg‘ulot maydoni;
  • 10 dan ortiq eskalator;
  • 5 500 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh;
  • stadion yaqinidagi metro bekati;
  • futbolchilar, muxlislar va OAV vakillari uchun zamonaviy infratuzilma bo‘lishi rejalashtirilgan.

Qurilish 2025-yil noyabrida boshlangan

Stadion qurilishiga 2025-yil 11-noyabr kuni rasman start berilgan. Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi arena uchun birinchi tosh qo‘yish marosimida qatnashgan.

Asosiy qurilish ishlarini 2026-yil kuziga qadar yakunlash rejalashtirilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, obyektning umumiy tayyorgarlik darajasi 65 foizga yetgan.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alago‘zov «Bishkek-Arena» stadionining qurilishiga $386 mln sarflanganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek