Sirdaryoda 1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilindi

Sirdaryo viloyatida obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari tomonidan 1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Fuqarolar ishchi sifatida rasmiylashtirilgan
Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Guliston shahar obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari ayrim fuqarolarni ishchi sifatida rasmiylashtirgani aniqlangan.
Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu fuqarolar amalda tashkilotda ishlamagan. Shunga qaramay, ular nomiga jami 1 mlrd so‘m miqdorida ish haqi hisoblangan.
Mas’ul shaxslar mazkur mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab, budjet pullarini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj etganlikda gumon qilinmoqda.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda. Mas’ul shaxslarning aybi sud hukmi bilan tasdiqlanmaguncha ular aybsiz hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Jizzaxda 13,6 kg opiy yashirilgan xufiya joy aniqlangani haqida yozgan edi.