Vengriyada qabr qazish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi

eʼlon qilindi
Qabrning chuqurligi 1,6 metr, uzunligi 2 metr, kengligi esa 0,8 metr bo‘lishi talab etilgan
Foto: Independent.com

Vengriyaning Nyergesujfalu shahrida qabr qazuvchilar o‘rtasida noodatiy musobaqa o‘tkazildi. Bellashuvda 19 ta ikki kishilik jamoa qatnashib, qabrni belgilangan o‘lchamlarda eng tez va sifatli qazish uchun kurashdi. Bu haqda Agence Presse xabar berdi.

Musobaqani Vengriya qabristonlarini saqlash va boshqarish assotsiatsiyasi tashkil etdi. Tadbir orqali qabr qazish kasbining jismoniy murakkabligi va professionalligini ko‘rsatish maqsad qilingan.

Qabr 1,6 metr chuqurlikda qazilishi kerak edi

Musobaqa shimoliy Vengriyadagi Nyergesujfalu shahrining jamoat qabristonida o‘tkazildi. Ishtirokchilar faqat ketmon, belkurak va boshqa qo‘l asboblaridan foydalanib, qabrlarni aniq belgilangan o‘lchamlarda qazidi.

Qabrning chuqurligi 1,6 metr, uzunligi 2 metr, kengligi esa 0,8 metr bo‘lishi talab etilgan. Quruq va qotib qolgan tuproq ishtirokchilar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirgan.

G‘oliblar qabrni 1 soat 21 daqiqada qazidi

Musobaqada Robert Nagy va Laslo Kishdan iborat jamoa g‘olib bo‘ldi. Ular belgilangan o‘lchamdagi qabrni 1 soat 21 daqiqada qazib tugatgan.

«Bu yerda tezlik asosiy narsa, go‘zallik emas», – dedi g‘olib Robert Nagy.

Uning ta’kidlashicha, dafn marosimi uchun qabr qazilganda uning o‘lchamlariga qat’iy rioya qilish va ishni sifatli bajarish muhim.

G‘oliblarga pul mukofoti berildi

Musobaqada jami 38 kishi ishtirok etdi. G‘olib jamoaga 200 ming Vengriya forinti, ya’ni taxminan 640 dollar miqdorida pul mukofoti topshirildi.

Tashkilotchilar bunday tadbirlar orqali qabr qazuvchilik kasbiga e’tibor qaratish va o‘lim bilan bog‘liq mavzular atrofidagi jamiyatdagi noto‘g‘ri fikrlarni kamaytirishni maqsad qilgan.

Avvalroq mumiyolangan inson qoldiqlari internet orqali sotilayotgani va hatto oddiy pochta xizmatlari orqali yuborilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Shuningdek