Xorvatiyada o‘zbekistonliklar uchun 16 ta ish o‘rni taklif qilindi

Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Xorvatiyada qurilish sohasida ishlashga taklif qilmoqda. Ish haqi soatiga 8 yevro, o‘rtacha oylik daromad esa 1 500 – 1 800 yevroni tashkil etadi.
Jami 16 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilingan. Mehnat shartnomasi uch yilga tuziladi va uni uzaytirish imkoniyati mavjud.
Qaysi mutaxassislar kerak
Xorvatiyadagi ish beruvchiga 4 nafar g‘ishtchi-devorchi, 2 nafar pardozlash ustasi, 4 nafar fasad ishchisi, 4 nafar qolipchi hamda 2 nafar gipsokarton montajchisi kerak.
Ish vaqti oyiga 176 – 220 soatni tashkil etadi. Uch oylik sinov muddati belgilanadi. Dastlabki ish haqi soatiga 8 yevro bo‘ladi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yiladi
Nomzod tegishli yo‘nalishda kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Malaka sertifikati mavjud bo‘lsa, bu ustunlik beradi.
Shuningdek, Xorvatiya tomonidan beriladigan 18a shaklidagi emlash sertifikati talab qilinadi. Uni rasmiylashtirishda Migratsiya agentligi yordam ko‘rsatadi.
Ish beruvchi quyidagi xarajatlarni qoplaydi
Ish beruvchi aeroportdan yashash joyigacha transfer, turarjoy, kuniga bir mahal ovqat, tibbiy sug‘urta, o‘qitish xarajatlari, ish joyigacha transport va ish ruxsatnomasini rasmiylashtirish xarajatlarini qoplaydi.
Imkoniyat bo‘lsa, yiliga bir marta ta’til uchun aviachipta ham taqdim etilishi mumkin.
Shuningdek, o‘qing: Qatar o‘zbekistonliklarni 10 yo‘nalish bo‘yicha ishga taklif qilmoqda
Aviachipta va viza xarajatlari keyin qoplanadi
Dastlab O‘zbekistondan Xorvatiyagacha aviachipta hamda ish vizasi xarajatlari nomzod hisobidan to‘lanadi.
Ishga joylashgandan so‘ng esa viza va aviachipta xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilinishi ma’lum qilingan. Vakansiyalarga arizalar xorijdaish.uz platformasi orqali topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Serbiya savdo, sanoat va migratsiya bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berilgandi.