Alif asoschilari 100 mln dollardan ortiq moliyalashtirish jalb qildi

Londonda faoliyat yurituvchi Ayan Capital islomiy fintech kompaniyasi Triple Point investitsiya kompaniyasidan £75 mln gacha, ya’ni joriy kurs bo‘yicha qariyb $101,6 mlnlik moliyalashtirish liniyasini jalb etdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Ayan Capital’ga Alif asoschilari Abdullo Kurbanov, Firdavs Mirzoev va Zuhursho Rahmatulloev asos solgan.
Moliyalashtirish ijara tamoyiliga asoslangan bo‘lib, uning bir qismi Ayan Capital’ning amaldagi kreditor oldidagi moliyalashtirishini qayta tashkil etishga, qolgan qismi esa yangi mijozlarga avtomobillar taqdim qilish hajmini oshirishga sarflanadi.
Ayan Capital – Buyuk Britaniya Moliyaviy xulq-atvor boshqarmasi (FCA) tomonidan tartibga solinadigan, jismoniy shaxslar va bizneslarga shariat talablariga mos avtomobil moliyalashtirish xizmatlarini taklif qiluvchi fintech kompaniya.
Ayan Capital biznesini kengaytiradi
Kompaniya tartibga solinadigan chakana mahsulotini 2025-yil oxirida ishga tushirgan. Yangi moliyalashtirish liniyasi Ayan Capital’ning keyingi o‘sish bosqichini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Triple Point ma’lumotiga ko‘ra, yangi kelishuv kompaniyaning moliyalashtirish xarajatlarini kamaytiradi. Bu esa talabga javob beradigan mijozlar uchun avtomobil moliyalashtirish shartlarini yanada raqobatbardosh qilish imkonini beradi.
Ayan Capital asoschilaridan biri va bosh direktori Abdullo Kurbanov yangi kelishuvni kompaniya rivoji uchun muhim bosqich deb baholadi.
«Bu moliyalashtirish bizning mablag‘ jalb etish xarajatlarimizni kamaytiradi. Natijada talabga javob beradigan mijozlar uchun yanada raqobatbardosh narxlarni taklif qilishimiz mumkin», – dedi Kurbanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘ AyanCare mahsulotini ishga tushirishga ham xizmat qiladi.
Ijara asosidagi avtomobil moliyalashtirish qanday ishlaydi
Ayan Capital an’anaviy foizli avtokredit o‘rniga islomiy moliyaning ijara modelidan foydalanadi. Bu tizimda avtomobilni Ayan Capital sotib oladi va shartnoma davomida transport vositasining egasi bo‘lib qoladi. Mijoz esa avvaldan kelishilgan miqdorda har oy ijara to‘lovini amalga oshiradi.
Shartnoma muddati tugagach avtomobil alohida oldi-sotdi va mulkni o‘tkazish kelishuvi asosida mijozga beriladi.
Shu tariqa moliyalashtirish foizli pul qarziga emas, real aktiv – avtomobilga egalik qilish va undan foydalanishga asoslanadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, jarayonning hech bir bosqichida foiz undirilmaydi.
Shuningdek o‘qing: Samsung, Alif va boshqalar: birinchi yarim yillikda savdo sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan korxonalar ma’lum bo‘ldi
Ayan Capital mahsulotlari va shartnomalari har yili Alhamd Advisory tomonidan AAOIFI’ning tegishli shariat standartlariga muvofiqligi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Jarayonni Amanah Advisors vakili muftiy Faraz Adam ham nazorat qiladi.
AyanCare orqali ta’mirlash mas’uliyati ham kompaniyada bo‘ladi
Yangi mablag‘lar AyanCare xizmatini rivojlantirishga ham yo‘naltiriladi. Ushbu xizmatni tanlagan mijozlarda avtomobilning kutilmagan mexanik yoki elektr nosozliklarini ta’mirlash bo‘yicha kengaytirilgan mas’uliyat Ayan Capital zimmasiga o‘tadi.
Kompaniya avtomobilga ijara muddati davomida egalik qilgani sababli, AyanCare ushbu modelning davomi sifatida ishlab chiqilgan.
«Bu mablag‘ AyanCare’ni ishga tushirishimizni moliyalashtiradi. Unda biz o‘zimizga tegishli avtomobillarni ta’mirlash bo‘yicha kengaytirilgan mas’uliyatni ham o‘z zimmamizga olamiz», – dedi Kurbanov.
Ayan Capital kelajakda Buyuk Britaniya bankiga aylanishni maqsad qilgan
Kurbanov yangi moliyalashtirish kompaniyaning uzoq muddatli rejalariga ham xizmat qilishini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Ayan Capital kelajakda Buyuk Britaniyada bank sifatida faoliyat yuritish uchun tegishli ruxsat olishni maqsad qilgan.
«Bu kelishuv bizning uzoq muddatli maqsadimiz — Buyuk Britaniyada bank sifatida ruxsat olish uchun zarur balans, tizimlar va korporativ boshqaruvni shakllantirishga yordam beradi», – dedi Ayan Capital rahbari.
Kompaniyaning moliyaviy direktori Yifan Pu esa bitim Ayan Capital’ni boshlang‘ich bosqichdagi moliyalashtirishdan institutsional darajadagi moliyalashtirishga olib chiqqanini qayd etdi.
«Bu liniya bizni dastlabki bosqichdagi moliyalashtirishdan institutsional shartlarga olib chiqdi. Buning uchun kredit portfelimiz, xizmat ko‘rsatish tizimimiz va hisobotlarimiz bunday darajadagi hamkor talablariga javob berishi kerak edi», – dedi u.
Triple Point Ayan Capital’ning o‘sish salohiyatini yuqori baholadi
Triple Point’ning maxsus moliyalashtirish yo‘nalishi rahbari Ellis Diamanti Ayan Capital’da tajribali boshqaruv jamoasi va texnologiyaga asoslangan platforma birlashganini ta’kidladi.
«Ayan kuchli boshqaruv jamoasini texnologiyaga asoslangan platforma bilan birlashtirgan. Kompaniya mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish bilan birga shariatga mos moliyaviy mahsulotlarga o‘sib borayotgan talabni ham qondirmoqda», – dedi Diamanti.
Ayan Capital investorlar qatorida Cur8 Capital, Empakt Ventures va IT Park Ventures ham bor.
Triple Point esa xususiy bozorlarga ixtisoslashtirilgan investitsiya boshqaruv kompaniyasi bo‘lib, taxminan £2,5 mlrdlik aktivlarni boshqaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alif Uzbekistan yangi bank ochishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum qilingandi.