Chevrolet’ning uchta avtomobilida muammo aniqlandi

10-sentabr 2026 16:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet’ning uchta avtomobilida muammo aniqlandi
Foto: GMAutority

General Motors Chevrolet’ning Chevrolet Silverado 1500, Colorado va Blazer avtomobillarida dvigatel moyi filtri yetarlicha mahkamlanmagani sababli moy sizib chiqishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Kompaniya muammoni bartaraf etish uchun 2026-yil avgustida N262568830 raqamli servis yangilanishini e’lon qilgan. Hujjat barcha avtomobillarga emas, faqat ayrim ishlab chiqarilgan nusxalarga taalluqli.

Uchta Chevrolet modeli tekshiriladi

Servis hujjatiga 2026-yilgi Chevrolet Blazer, 2026–2027-yillardagi Chevrolet Colorado hamda 2026-yilgi Chevrolet Silverado 1500’ning ayrim avtomobillari kiritilgan.

Foto: Chevrolet

General Motors dilerlarga har bir avtomobilning VIN-raqamini tekshirib, aynan ushbu servis dasturiga kirish-kirmasligini aniqlashni tavsiya qilgan.

Kompaniya muammo qaysi dvigatel, ishlab chiqarish zavodi yoki muayyan ishlab chiqarish davri bilan bog‘liqligini ochiqlamagan.

Muammo moy filtri yetarlicha mahkamlanmagani bilan bog‘liq

Foto: Chevrolet

General Motors ma’lumotiga ko‘ra, ayrim avtomobillarda dvigatel moyi filtri zavodda yig‘ish vaqtida talab darajasida mahkamlanmagan bo‘lishi mumkin.

Natijada filtr atrofidan dvigatel moyi sizib chiqish ehtimoli mavjud. Muammoni bartaraf etish uchun servis mutaxassisi filtrni tekshiradi va zarur bo‘lsa, uni 30 Nm kuch bilan mahkamlaydi.

Agar filtr bo‘sh bo‘lgani sababli moyning bir qismi sizib chiqqan bo‘lsa, servis markazi dvigatel moyini kerakli miqdorgacha to‘ldiradi. Tekshiruv va filtrni mahkamlash uchun GM 0,2 soatlik ish vaqtini belgilagan.

Maxsus servisga borish talab qilinmaydi

Servis yangilanishi dilerlik markazlarida hali sotilmagan avtomobillarni ham, xaridorlarga yetkazib berilgan mashinalarni ham qamrab oladi.

Biroq avtomobil allaqachon egasiga topshirilgan bo‘lsa, GM ushbu muammo sababli alohida ravishda servis markaziga borishni talab qilmaydi. Tekshiruv avtomobil navbatdagi rejalashtirilgan texnik xizmatga kelganida amalga oshirilishi mumkin.

Mazkur servis dasturi 2028-yil 31-avgustgacha amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek