Chirchiqda yuk mashinasining tirkamasi uyga kirib ketdi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Howo yuk mashinasiga ulangan yarim tirkama texnik nosozlik sabab transport vositasidan ajralib chiqib, yo‘l chetidagi xonadonga urildi. Hodisada fuqarolar jabrlanmadi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Bobur To‘laganov xabar berdi.
Tirkama texnik sababga ko‘ra ajralib ketgan
Hodisa bugun soat 16:00 lar atrofida Chirchiq shahridagi Sadriddin Ayniy ko‘chasida sodir bo‘lgan.
1977-yilda tug‘ilgan haydovchi Howo rusumli yuk mashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda unga ulangan yarim tirkama texnik sababga ko‘ra ajralib chiqqan.
Shundan so‘ng tirkama yo‘l chetidagi xonadonga borib urilgan va shu yerda to‘xtagan.
Harakat vaqtincha cheklangan
Hodisa oqibatida avtomobil yo‘lida transport vositalari harakati vaqtincha cheklangan. Haydovchilar uchun aylanma yo‘llar orqali harakat tashkil etilgan.
Hozirda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan hodisa oqibatlari bartaraf etilib, avtomobillar harakati to‘liq tiklangan. Hodisa oqibatida fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetmagan.
Xonadonga yetkazilgan zarar qoplanadi
Hodisada zarar ko‘rgan xonadonga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi ma’lum qilindi.
Ayni paytda holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov xizmat avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida xabar berilgandi.