O‘zbekistonda chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan 6 ta zavod quriladi

eʼlon qilindi
Yiliga 3,6 mln tonna maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda $933 mlnlik 6 ta loyiha doirasida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavodlar tashkil etiladi. Korxonalar to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 mln tonna maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni chiqindilarni boshqarish va ulardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Loyihalarga $286,8 mln investitsiya kiritildi

2026–2027-yillarda amalga oshirilishi belgilangan 6 ta loyiha Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

1-sentabr holatiga ko‘ra, loyihalar doirasida $286,8 mln investitsiya o‘zlashtirilgan. Mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi $76,6 mlnni tashkil etgan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb qilingan.

Zavodlar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida quriladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi korxonalarni 2026-yilda, qolgan hududlardagi quvvatlarni esa 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yiliga 1,6 mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqariladi

Loyihalar to‘liq quvvatda ishlaganida yiliga 3,6 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi.

Natijada chiqindilarni poligonlarga olib chiqish hajmi kamayib, ularni iqtisodiy resursga aylantirish imkoniyati kengayadi. Shuningdek, mamlakatda «nol chiqindi» tamoyiliga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilmoqda.

Yana $625 mlnlik 5 ta loyiha ko‘rib chiqildi

Taqdimotda Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi yana 5 ta istiqbolli loyiha ham ko‘rib chiqildi.

Ularning umumiy qiymati $625 mln bo‘lib, loyihalarni Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazmda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ular natijasida yiliga yana 1,9 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 158 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi va issiqxona gazlari chiqindisi 316 ming tonnaga kamayadi.

Chiqindi yoqish zavodlari uchun 1 ming mutaxassis tayyorlanadi

Davlat rahbari loyihalarni jadallashtirish, zarur infratuzilmani yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va sohaga malakali kadrlar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda «Green University», Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda chiqindi yoqish zavodlari uchun 1 ming nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi belgilandi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ularni boshqarish bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqishi kerakligi haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek