O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlari 2030-yilgacha raqamlashtiriladi

O‘zbekistondagi barcha madaniy meros obyektlarini 2030-yilgacha raqamlashtirish rejalashtirilmoqda. Ularni nazorat qilish uchun sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, IoT-sensorlar va videotahlil texnologiyalaridan foydalaniladi. Bu haqda 10-sentabr prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimotda so‘z boradi.
Madaniy merosning «raqamli egizaklari» yaratiladi
Tizim doirasida madaniy merosning yagona raqamli platformasi, obyektlarning «raqamli egizaklari» va Heritage Open Data tizimini tashkil etish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, madaniy meros obyektlarini doimiy kuzatib boruvchi situatsion markaz yaratish rejalashtirilgan.
Markaz IoT-sensorlar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, videotahlil va sun’iy intellekt vositalari yordamida obyektlarning holatini monitoring qiladi.
Tarixiy shaharlardagi qurilishlar ham nazorat qilinadi
O‘zbekistonda Heritage Impact Assessment — merosga ta’sirni baholash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Bu mexanizm Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz va Toshkent kabi tarixiy hamda me’moriy ahamiyatga ega hududlarni jadal qurilish va infratuzilma rivoji sharoitida muhofaza qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, turistlar oqimini boshqarish uchun Visitor Management tizimini joriy etish, raqamli chiptalar qamrovini kengaytirish va zaruratga qarab ayrim obyektlarga tashrif limitlarini belgilash rejalashtirilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistondan turli davrlarda olib chiqib ketilgan noyob tarixiy yodgorliklar, arxeologik ashyolar, nodir qo‘lyozmalar va san’at asarlarini mamlakatga qaytarish uchun maxsus komissiya tuzilishi haqida xabar berilgandi.