Toshkentda 8,4 ming qalbaki dollar sotayotganlar ushlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Toshkentda 8,4 ming qalbaki dollar sotayotganlar ushlandi
Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari qalbaki xorijiy valyutani muomalaga kiritishga uringan ikki shaxsni qo‘lga oldi. Tezkor tadbir davomida jami 8,4 ming qalbaki AQSh dollarining muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi.

Qalbaki pullar Turkiyadan olib kelingan

Ma’lum qilinishicha, Qibray tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs Turkiyadan yetkazib berilgan qalbaki $8,4 mingni foyda olish maqsadida sotishni rejalashtirgan.

U Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1997-yilda tug‘ilgan sherigi bilan oldindan til biriktirgan.

Tezkor tadbir vaqtida gumonlanuvchilar qalbaki pullarni shartli xaridorga haqiqiy $3,8 ming evaziga sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qalbaki xorijiy valyutaning O‘zbekistonga olib kirilishi va uni muomalaga chiqarishga aloqador boshqa shaxslar mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash bo‘yicha tergov olib bormoqda.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistondan $240 mingni oyoqlariga yashirib olib chiqmoqchi bo‘lgan ikki kishi ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek