Embraer O‘zbekiston uchun ilk C-390 Millennium samolyotini taqdim etdi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachi bo‘ldi
Embraer O‘zbekiston uchun ilk C-390 Millennium samolyotini taqdim etdi
Foto: Embraer

Braziliyaning Embraer aviatsiya kompaniyasi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari uchun mo‘ljallangan birinchi C-390 Millennium harbiy-transport samolyotini namoyish etdi. Bu haqda kompaniya X tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Kompaniya e’lon qilgan suratlarda samolyot kulrang rangda bo‘lib, uning korpusiga «UZ AIR FORCE» yozuvi, O‘zbekiston bayrog‘i va mamlakat Harbiy-havo kuchlarining tanish belgilari tushirilgan. Samolyotning dum qismida UK 39010 raqami ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachi bo‘ldi

Embraer ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston C-390 Millennium samolyotining Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisi bo‘ldi.

«Bugun Embraer O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlarining ilk C-390 Millennium samolyotini taqdim etmoqda. Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda C-390’ning birinchi buyurtmachisiga aylandi», deyiladi kompaniya xabarida.

O‘zbekistonning ushbu turdagi samolyotlarni xarid qilgani haqida 2026-yil fevral oyida Singapore Airshow xalqaro aviako‘rgazmasida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda Embraer avval nomi oshkor qilinmagan mijoz aynan O‘zbekiston ekanini bildirgan.

Buyurtma qilingan C-390 samolyotlari soni hamda shartnoma qiymati hozircha oshkor etilmagan.

Samolyot 26 tonnagacha yuk ko‘tara oladi

C-390 Millennium harbiy-transport samolyoti 26 tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega. Uning maksimal kruiz tezligi soatiga qariyb 870 kilometrni tashkil etadi.

Samolyot harbiy xizmatchilar va yuklarni tashish, texnika va shaxsiy tarkibni desant qilish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv hamda gumanitar operatsiyalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, C-390 yong‘inlarni o‘chirish operatsiyalarida qatnashishi va vaqtinchalik yoki tuproq qoplamali uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalanishi mumkin.

Havoda yonilg‘i quyish imkoniyati ham mavjud

Samolyotning KC-390 versiyasi tez yechiladigan maxsus uskunalar bilan jihozlanganda boshqa havo kemalariga parvoz vaqtida yonilg‘i quyishi mumkin. Bundan tashqari, KC-390’ning o‘zi ham havoda yonilg‘i qabul qilish imkoniyatiga ega.

Hozirda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari transport aviatsiyasi tarkibida Il-76 va CASA C-295 samolyotlaridan foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik jarayoni yana savol ostida qolgani haqida yozgan edi.

Shuningdek