Formula-2 paytida mashina yonib ketdi

Ispaniya Gran-prisi uchun yangi qurilgan Madring trassasida ilk jiddiy avariya qayd etildi. Formula-2 mashg‘ulotlari vaqtida tailandlik Tasanapol Inthraphuvasak 19-burilishda boshqaruvni yo‘qotib, katta tezlikda devorga urildi. Haydovchi hodisadan keyin avtomobildan mustaqil chiqib ketgan. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Madringda xatolar qimmatga tushadi
Inthraphuvasak ART jamoasi tarkibida Formula-2’ning ilk mashg‘ulotida qatnashgan. U trassaning Ifema hududidagi 19-burilishiga kirishda tezlikni vaqtida pasaytira olmagan. Oqibatda mashina burilishni ololmay, boshqaruvdan chiqib ketgan va devorga yon tomoni bilan urilgan.
To‘qnashuv kuchli bo‘lganiga qaramay, trassaga o‘rnatilgan SAFER to‘sig‘i zarbani yumshatgan. Biroq urilishdan keyin avtomobildan yog‘ sizib chiqib, kichik yong‘in yuzaga kelgan. Inthraphuvasak esa mashinadan tezda chiqib ketgan va hodisa oqibatida jismoniy jarohat olmagan.
Avariya sabab mashg‘ulot vaqtida qizil bayroq ko‘tarilgan. Trassa xodimlari avtohalokat joyini tozalash va suyuqliklarni bartaraf etish uchun ishga kirishgan. Mashg‘ulotning katta qismi shu sababli to‘xtab qolgan.
Madring trassasida xavfli vaziyatlar bundan keyin ham davom etgan. Mashg‘ulotning keyingi qismida Van Hoepen ham Monumental hududidan keyin boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa borib urilgan. Biroq uning avariyasi jiddiy oqibatlarga olib kelmagan.
Yangi trassa yuqori tezlikdagi burilishlar, burilish vaqtida tormozlanish, shuningdek, keskin ko‘tarilish va pasayishlari bilan ajralib turadi. Shu sababli haydovchilar uchun kichik xatoning o‘zi ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Avvalroq «Mashinalar» multfilmining afsonaviy qahramoni Makvinning nusxasi Formula-1 bo‘yicha Italiya Gran-prisida Monza trassasida paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.