
Firibgarlar iPhone 18 atrofidagi katta qiziqishdan foydalanib, soxta oldindan buyurtma xatlari va fishing havolalari orqali foydalanuvchilarni aldashga urinmoqda. «Kasperskiy laboratoriyasi» mutaxassislari bunday sxemalarda bank kartasi va akkaunt ma’lumotlarini qo‘lga kiritish maqsad qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda «RBC» «Kasperskiy laboratoriyasi» matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Firibgarlik sxemalaridan birida foydalanuvchiga Apple Store nomidan xat keladi. Unda go‘yoki qiymati $1 mingdan ortiq bo‘lgan iPhone 18 Ultra Pro kriptovalyuta orqali oldindan buyurtma qilingani yoziladi.
«Xato» buyurtmani bekor qilish uchun xatda ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish taklif etiladi.
Aslida esa raqam firibgarlarga tegishli bo‘lib, ular suhbat davomida bank kartasi yoki akkaunt ma’lumotlarini olishga urinishi mumkin.
Shuningdek, o‘qing: iPhone 18 Pro Max uchun oldindan buyurtmalar oshmoqda
$900 dan ortiq soxta to‘lov haqida ham xabar yuborilmoqda
Yana bir sxemada xatlar xalqaro to‘lov tizimi xavfsizlik xizmati nomidan yuboriladi.
Unda akkauntga noma’lum qurilmadan kirilgani va iPhone 18 Pro uchun $900 dan ortiq mablag‘ o‘tkazishga so‘rov yuborilgani aytiladi.
Operatsiyani bekor qilish uchun yana soxta qo‘llab-quvvatlash raqamiga qo‘ng‘iroq qilish talab etiladi.
Muayyan rangdagi iPhone’ni «band qilish» taklif qilinmoqda
Firibgarlar iPhone 18 Pro’ning ma’lum bir rangini sotuv boshlanadigan kun uchun oldindan band qilish takliflarini ham tarqatmoqda.
Bunday xatlardagi havolalar soxta saytlarga olib borishi mumkin. Ularda foydalanuvchidan shaxsiy yoki to‘lov ma’lumotlarini kiritish so‘raladi.
Shuningdek, o‘qing: Apple iPhone 17 va iPhone Air narxlarini oshirdi
Mutaxassislar ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi
«Kasperskiy laboratoriyasi» spam-tahlilchisi Anna Lazarichevaning ta’kidlashicha, firibgarlar odatda katta qiziqish uyg‘otgan yangi qurilmalar va ommaviy taqdimotlardan foydalanadi.
Mutaxassislar xat yuboruvchining manzilini tekshirish, shubhali havolalarga kirmaslik, kompaniyalarning aloqa ma’lumotlarini mustaqil ravishda rasmiy saytlaridan topish va noma’lum resurslarda bank yoki akkaunt ma’lumotlarini kiritmaslikni tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone Duo ekranidagi yangi animatsiya muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Qurilma ochilganda bloklangan ekran asta-sekin fokusini va xiralik darajasini o‘zgartiradi. Natijada tasvir ichki 7,6 dyuymli ekranga uzluksiz tarzda o‘tadi.