Kreditlar, firibgarlik va shikoyatlar: qaysi bank xizmatlari bo‘yicha murojaatlar ko‘p

2026-yilning birinchi yarmida Markaziy bankka plastik kartalar va firibgarlik bilan bog‘liq 956 ta murojaat kelib tushdi. Bu 2025-yilning mos davridagi 245 ta murojaatga nisbatan qariyb 290 foizga ko‘p.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4,1 mingta murojaat kelib tushgan. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 2,5 mingta edi. Shu tariqa, murojaatlar soni qariyb 66 foizga oshgan.
Kreditlar bo‘yicha murojaatlar 68 foizga ko‘paygan
Bank kreditlari va kredit operatsiyalari bo‘yicha murojaatlar 1,2 mingtadan 2 mingtaga yetgan. Bu qariyb 68 foizlik o‘sishni anglatadi.
Bank omonatlari va boshqa depozit operatsiyalari bo‘yicha murojaatlar esa 73 tadan 135 taga ko‘payib, qariyb 85 foizga oshgan.
Bank xodimlari ustidan shikoyatlar ham ko‘paygan
Bank xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha murojaatlar 2025-yilning birinchi yarmidagi 172 tadan 2026-yilda 259 taga yetgan. O‘sish qariyb 51 foizni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, to‘lov tizimlari va naqdsiz hisob-kitoblar bo‘yicha murojaatlar 441 tadan 365 taga kamaygan.
Shuningdek o‘qing: Endi bir bankdagi kibertahdid haqida boshqa banklar ham ogohlantiriladi
Sayt orqali 2 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan
11-sentabrgacha Markaziy bank saytiga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqdim etilgan grafikda jismoniy shaxslardan 2 068 ta, yuridik shaxslardan esa 102 ta murojaat qayd etilgan. Ularning 96 foizi ko‘rib chiqib yakunlangan, 85 tasi esa qayta ishlash jarayonida bo‘lgan.
Shuningdek, Kursiv Uzbekistan plastik kartalar va firibgarlik bilan bog‘liq murojaatlar sonining keskin oshishi sabablari, eng ko‘p uchrayotgan firibgarlik turlari hamda ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Markaziy bankka rasmiy so‘rov yubordi. Markaziy bank javobi olingach, material qo‘shimcha ma’lumotlar bilan yangilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon xalqaro banki «Davrbank»’ning 51% aksiyasini 140 mln dollarga sotib olgandi. Bitimning «Toshkent» Respublika fond birjasida qayd etilgan umumiy qiymati 1,646 trln so‘m yoki qariyb $140 mlnni tashkil etdi.