O‘zbekistonda transchegaraviy elektron tijorat tartibi belgilandi

O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini tartibga solishga qaratilgan yangi normalar joriy etildi. Yonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Transchegaraviy elektron tijorat tushunchasi belgilandi
Qonunga ko‘ra, elektron tijorat ishtirokchilari va operatorlari turli davlatlar hududida joylashgan, ulardan kamida biri O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan elektron savdo transchegaraviy elektron tijorat hisoblanadi.
Shuningdek, realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston deb e’tirof etiladigan elektron xizmatlarni ko‘rsatuvchi yoki elektron savdo platformalari orqali tovar sotuvchi xorijiy yuridik shaxslarga yuborilgan hujjatlar bo‘yicha alohida tartib belgilanmoqda.
Bunday hujjatlar qog‘oz shaklida yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda yuborilganidan 30 kun o‘tgach, olingan deb hisoblanadi.
Sifatsiz tovar uchun sotuvchi javob beradi
Yangi qonunga muvofiq, elektron tijorat operatorining axborot tizimi orqali tuzilgan shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun, birinchi navbatda, sotuvchining o‘zi javobgar bo‘ladi.
Xaridorga sifatsiz tovar, ish yoki xizmat taqdim etilishi, shuningdek, tegishli sifatga ega bo‘lmagan nooziq-ovqat tovarini almashtirish bilan bog‘liq nizolarda ham asosiy javobgarlik sotuvchining zimmasiga yuklanadi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalsa, profilaktik emlash joriy etiladi
Operator ham javobgar bo‘lishi mumkin
Agar sotuvchi xaridorning qonuniy talablarini qanoatlantira olmasa, ayrim holatlarda elektron tijorat operatori ham javobgarlikka tortilishi mumkin.
Qonunga ko‘ra, shartnoma shartlarida yoki qonunchilikda boshqa tartib belgilanmagan bo‘lsa, operator xaridor oldida subsidiar javobgar bo‘ladi. Ya’ni sotuvchi o‘z majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda, xaridor o‘z talablarini operatorga ham qo‘yishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» oliy ma’lumotlilar uchun kasbiy qayta tayyorlash tartibi belgilangani haqida yozgan edi.