Qanday hollarda ertaroq turmush qurish mumkin

eʼlon qilindi
Nikoh yoshini faqat ikki sabab bilan kamaytirish taklif qilinmoqda
Qanday hollarda ertaroq turmush qurish mumkin
Foto: Uzreport

O‘zbekistonda turmush qurish yoshini kamaytirish tartibini qat’iylashtirish taklif qilinmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova Senat majlisida ma’lum qildi.

Nikoh yoshini faqat ikki sabab bilan kamaytirish taklif qilinmoqda

Qonun loyihasiga ko‘ra, nikoh yoshiga yetmagan shaxslarning oila qurishiga faqat homiladorlik yoki bola tug‘ilgan holatda ruxsat berilishi mumkin.

Bunday vaziyatlarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra, tuman yoki shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin bo‘ladi. Kattaxonovaning aytishicha, qonun loyihasi Prezident administratsiyasiga kiritilgan.

Emansipatsiya asos bo‘lmay qolishi mumkin

Amaldagi Oila kodeksining 15-moddasida nikoh yoshini ayrim uzrli sabablarga ko‘ra bir yilgacha kamaytirishga ruxsat berilgan.

Hozirgi tartibda homiladorlik, bola tug‘ilishi va voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi – emansipatsiya ham shunday asoslarga kiradi.

Yangi qonun loyihasi bilan emansipatsiyani nikoh yoshini kamaytirish uchun asos sifatida kodeksdan chiqarib tashlash rejalashtirilmoqda.

18 yoshga to‘lmaganlar uchun onlayn arizaga cheklov qo‘yilgan

Yangi tartibga muvofiq, «Adliya+» va «Myadliya.uz» platformalari orqali nikohga onlayn ariza topshirishda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun avtomatik cheklov mavjud.

Ular faqat nikoh yoshini kamaytirish bo‘yicha hokim qarori tizimga kiritilgandan keyin nikohga ariza topshira oladi.

Erta nikohni targ‘ib qilganlik uchun jarima kuchaytirilishi mumkin

Qonun loyihasida erta nikohga sabab bo‘lgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda.

Kattaxonovaning aytishicha, erta nikoh qurishni birinchi marta targ‘ib qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima qo‘llash taklif etilmoqda.

U amaldagi qonunchilikda erta nikoh qurgan shaxslar, ularning ota-onalari hamda bunday nikohni o‘qigan diniy soha vakillariga nisbatan ham javobgarlik choralari mavjudligini eslatdi.

Avvalroq «Kursiv» erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik haqida xabar bermaganlar jarimaga tortilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek