Reyting o‘zgardi: dunyoning eng milliarder 10 odami e’lon qilindi

eʼlon qilindi
Reytingga yangilanish kiritildi
Foto: Standart

Fransiyalik milliarder Bernar Arno «Bloomberg»ning dunyodagi eng boy insonlar reytingida 11-o‘ringa tushib qoldi. Uning boyligi 143 mlrd dollarga baholanmoqda. Shu tariqa reytingning dastlabki 10 pog‘onasidan yevropalik milliarder chiqib ketib, barcha o‘rinlarni AQSH tadbirkorlari egalladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Arnoning boyligi yil boshidan beri 65 mlrd dollarga kamaydi

Reytingda birinchi o‘rinni 919 mlrd dollar boylik bilan Ilon Mask saqlab qolgan. Keyingi pog‘onalardan Larri Peyj – 286 mlrd dollar, Jeff Bezos – 274 mlrd dollar, Sergey Brin – 266 mlrd dollar va Maykl Dell – 245 mlrd dollar bilan joy olgan.

Top – 10 likda, shuningdek, Mark Sukerberg 229 mlrd, Larri Ellison 208 mlrd, Jensen Xuang 181 mlrd, Stiv Balmer 172 mlrd va Uorren Baffet 144 mlrd dollar boylik bilan qayd etilgan.

«Bloomberg» indeksining 2012-yilda ishga tushirilganidan buyon ilk marta reytingning kuchli o‘nligiga faqat amerikaliklar kirgan. Arno esa 10-o‘rinni Baffetga boy bergan.

Milliarderning boyligi yil boshidan buyon 65 mlrd dollarga qisqargan. Bu «Bloomberg» reytingidagi eng yirik pasayishlardan biri bo‘lgan.

Arnoning asosiy biznesi – LVMH hashamatli brendlar guruhiga bo‘lgan talabning susayishi uning moliyaviy holatiga ta’sir qilgan. Kompaniya faoliyatida Xitoy bozori va Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog‘liq muammolar ham aks etgan.

Arno boshqaruvidagi LVMH tarkibida 70 dan ortiq brendlar mavjud. Ular orasida Louis Vuitton, Christian Dior, Bulgari, Loro Piana va Sephora kabi kompaniyalar bor. 2021-yilda LVMH Tiffany & Co kompaniyasini 15,8 mlrd dollarga sotib olgan.

«Forbes» reytingida ham Arno Top – 10 dan tashqarida qolgan. U ushbu ro‘yxatda 13-o‘rinni egallagan. Undan yuqorida «Bloomberg» ro‘yxatidagi amerikalik milliarderlar bilan bir qatorda Zara asoschisi Amansio Ortega va Walmart merosxo‘ri Rob Uolton oilasi joylashgan.

77 yoshli Arno 2017-yil martidan buyon «Bloomberg» reytingining kuchli o‘nligidan joy olib kelayotgan edi. U qisqa muddat davomida dunyoning eng boy odami maqomiga ham ega bo‘lgan va Shimoliy Amerikadan tashqarida tug‘ilgan ilk milliarder sifatida reytingni boshqargan.

Bernar Arno 1949-yilda Fransiyada tug‘ilgan. U Parijdagi Politexnika maktabini tamomlagan va dastlab oilasining qurilish biznesida faoliyat yuritgan.

1984-yilda Arno Christian Dior kompaniyasiga egalik qilgan va moliyaviy qiyinchilikka uchragan Boussac guruhiga sarmoya kiritgan. Keyinchalik u kompaniya aktivlarining katta qismini sotib, Dior brendini saqlab qolgan.

1988-yilda LVMH’ga sarmoya kiritgan Arno keyinchalik xolding ustidan nazoratni qo‘lga olgan. Shundan so‘ng kompaniya Bulgari kabi hashamatli brendlarni ham o‘z tarkibiga qo‘shib, jadal kengaygan.

Arno rahbarligida LVMH Yevropadagi eng yirik kompaniyalardan biriga aylandi. 2023-yilda uning bozor qiymati qisqa muddatga 500 mlrd dollardan oshgan.

Avvalroq Forbes global reytingidagi rossiyalik milliarderlar soni 155 nafarga yetgani, ularning umumiy boyligi esa $696,5 mlrdni tashkil etgani xabar qilingandi. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili ular 146 kishi bo‘lib, aktivlari $625,5 mlrdga baholangan edi.

Shuningdek