Toshkentdagi 100 ta ko‘cha yangilanadi

eʼlon qilindi
Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trln so‘m ajratiladi
Eng namunali mahalla va eng orasta xonadon egalariga soliq imtiyozi beriladi
Foto: ChatGPT

Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trln so‘m ajratiladi. Shuningdek, poytaxtdagi 400 ta mahallani obod qilish bo‘yicha 10 trln so‘mlik, to‘rt yillik dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qichqiriq mahallasidagi tajriba kengaytiriladi

Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan hudud qisqa muddatda kompleks rivojlantirilgan.

Bu yerda 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yo‘lagi va favvoralar barpo etilgan. Natijada 5,5 ming nafar aholi uchun yashash va dam olish sharoitlari yaxshilangan.

Yil boshidan Olmazordagi 9 ta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirilgan.

Endilikda shu tajriba Olmazordagi yana 8 ta ko‘cha hamda poytaxtning qolgan 11 ta tumanidagi kamida 3-4 tadan ko‘chaga tatbiq etiladi.

Kanal bo‘yida 20 kilometrlik yo‘lak tashkil qilinadi

Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soybo‘yi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil qilingan.

Shu kabi hududlarni ko‘paytirish maqsadida Toshkentdagi kanal hamda katta ariqlar bo‘yini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududlariga aylantirish taklif qilindi.

Jumladan, Bo‘zsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha bo‘lgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yo‘lagi tashkil etish imkoniyati mavjud. Bu bo‘yicha bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish topshirildi.

Har bir tuman bo‘yicha qaysi ko‘cha va mahallada, qachon va qanday o‘zgarish bo‘lishi aniq belgilanib, aholiga ochiq e’lon qilinadi.

Avvalroq Toshkent shahriga 2027-yilda 10 mlrd dollar investitsiya jalb etish va 150 – 200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek