Xorazm va Sirdaryoda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq uchta holat aniqlandi

Xorazm hamda Sirdaryo viloyatlarida giyohvandlik vositalarini olib o‘tish va sotish bilan bog‘liq uchta holat aniqlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Xorazmda 490 gramm opiy topildi
DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB va Bojxona boshqarmasi xodimlari Tuproqqal’a tumanida Surxondaryo – Xorazm yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomobilini to‘xtatib tekshirgan.
Avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Angor tumanida yashovchi 1960-yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli sellofan paketdan 490 gramm opiy moddasi aniqlangan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ushbu shaxs avval ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ikki marta sudlangan. U qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani aytilayotgan giyohvandlik vositasini Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan.
Onix yo‘lovchisidan 119 gramm gashish olindi
Yana bir holat Toshkent – Xorazm yo‘nalishida harakatlanayotgan Onix avtomobilini tekshirish vaqtida aniqlangan.
Urganch shahrida yashovchi, 1968-yilda tug‘ilgan yo‘lovchining yonidan 119 gramm gashish moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Opiy oyoq kiyimi ichiga yashirilgan
DXXning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Sirdaryo – Jizzax yo‘nalishida ketayotgan Lacetti avtomobilini to‘xtatgan.
Avtomobil haydovchisi — Jizzax shahrida yashovchi, 1974-yilda tug‘ilgan shaxs tekshiruv vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida shubha uyg‘otgan.
Uning yonlari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, oyoq kiyimi ichiga yashirilgan 16 gramm opiy moddasi aniqlangan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur shaxs ham avval giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘ona va Namanganda fuqarolarni noqonuniy «Umra»ga yuborish holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.