Oʻzbekistonda biznesni roʻyxatga olish 15-oktabrda boshlanadi

Oʻzbekistonda 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrgacha biznesni roʻyxatga olish oʻtkaziladi. Jarayon mamlakat hududida 1-oktabr holatiga faoliyat yuritayotgan biznes subyektlarini qamrab oladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Bu prezidentning 10-sentabrdagi «Statistikani rivojlantirish – 2030» milliy strategiyasini tasdiqlash va roʻyxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish toʻgʻrisidagi farmonida belgilangan.
Aholining statistik registri yaratiladi
Farmonga koʻra, 2027-yil yakuniga qadar Milliy statistika qoʻmitasida aholining statistik registri shakllantiriladi. Bunda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalaridan foydalaniladi.
Yangi registr asosida aholi sonini hisoblash va muntazam e’lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi. Davlat organlarining aholiga oid ma’lumotlar bazalari oʻzaro muvofiqlashtirilib, ma’lumotlarni doimiy yangilab borish uchun ushbu tizimga integratsiya qilinadi.
Registr amaliyotga joriy etilishidan oldin «Kiberxavfsizlik markazi» tomonidan kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkaziladi. Tizim xavfsizligi keyinchalik ham doimiy monitoring qilinadi.
Shuningdek, o‘qing: Kichik tadbirkorlikni tekshirishga 3 yilga moratoriy e’lon qilindi
Individual ma’lumotlardan davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi taqiqlanadi. Registrdan faqat maxsus ruxsat berilgan xodimlar jamlanma statistik ma’lumotlarni shakllantirish maqsadida foydalanishi mumkin.
Kichik biznesga hisobot yuki kamaytiriladi
2027-yil 1-yanvardan statistika organlarining har choraklik tanlanma kuzatuvlari uchun mikrofirma va kichik korxonalar yil davomida faqat bir marta tanlab olinishi mumkin boʻladi.
«Statistikani rivojlantirish – 2030» strategiyasida, shuningdek, rasmiy statistika tayyorlovchilarining faoliyatini yagona yondashuv asosida muvofiqlashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish va tadbirkorlarning hisobot yukini kamaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Bundan tashqari, 2027-yil yakunigacha qishloq xoʻjaligining statistik registri ham shakllantirilib, undagi ma’lumotlar muntazam yangilanib boradi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda aholining moliyaviy ommaboplik darajasi 59 ballni tashkil etgani haqida xabar bergan edi.