
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonning Bangalor shahrida o‘tayotgan Tech Mahindra Global Chess League – 2026 turnirining to‘qqizinchi turida sobiq jahon chempioni Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berdi.
Ushbu natija FYERS American Gambits va PBG Alpine Pipers o‘rtasidagi jamoaviy bahs yakuniga ham ta’sir qildi. Uchrashuv 9:7 hisobida PBG Alpine Pipers foydasiga yakunlandi. G‘alabadan so‘ng Karlsen jamoasi turnir jadvalida yakka peshqadamga aylandi.
Sindarov va Karlsen birinchi taxtada uchrashdi
Turning asosiy partiyalaridan biri birinchi taxtada kechdi. Unda Javohir Sindarov norvegiyalik Magnus Karlsen bilan kuch sinashdi.
Karlsen partiyada g‘alaba qozonib, jamoasiga 3 ochko olib keldi. Shu tariqa PBG Alpine Pipers umumiy hisobda muhim ustunlikka ega bo‘ldi.
Shuningdek, o‘qing: Javohir Sindarov va Bibisara Asaubayeva yana e’tibor markazida
FYERS American Gambits safidagi qozog‘istonlik Bibisara Asaubaeva esa ayollar taxtasida hindistonlik Divya Deshmuxni mag‘lub etib, jamoasiga 4 ochko keltirdi.
PBG Alpine Pipers vakili Vidit Gujrati ham rossiyalik Daniil Dubov ustidan g‘alaba qozondi va jamoasiga yana 3 ochko taqdim etdi.
PBG Alpine Pipers yakka peshqadamga aylandi
Barcha taxtalardagi natijalar hisobga olingach, PBG Alpine Pipers FYERS American Gambitsni 9:7 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur g‘alaba Karlsen jamoasiga turnir jadvalida yakka yetakchilikni qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Tech Mahindra Global Chess League’ning to‘rtinchi mavsumi 5-sentabr kuni Bangalorda boshlangan. Musobaqa 13-sentabr kuni final uchrashuvlari bilan yakunlanadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi $1 mlnni tashkil qiladi.
Avvalroq «Kursiv» o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Global Chess League doirasidagi g‘alabadan so‘ng jonli rapid reytingida dunyoning 2-raqamli shaxmatchisiga aylangani haqida xabar bergan edi.