Tomdi tumanining 2 459 gektar yeri Zarafshon shahriga oʻtkaziladi

Navoiy viloyatining Tomdi tumanidan 2 459 gektar yer maydoni Zarafshon shahri tarkibiga oʻtkaziladi. Tegishli qaror Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida qabul qilindi.
Hududning kengaytirilishi Zarafshonda yangi sanoat va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini joylashtirish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratishi kutilmoqda.
250 dan ortiq sanoat loyihalari rejalashtirilgan
Zarafshon shahrida boʻsh yer maydonlari deyarli qolmagani sabab sanoat korxonalarini joylashtirish imkoniyati cheklanib kelinayotgani qayd etilgan. Shu bois shaharga qoʻshiladigan yangi hududlarda uzoq muddatli rivojlanish rejasi asosida 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, 90 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat koʻrsatish nuqtasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Masala avval Qonunchilik palatasida ma’qullangan
Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini oʻzgartirish masalasi 2026-yil aprel oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham koʻrib chiqilib, deputatlar tomonidan ma’qullangan edi. Oʻshanda ham Tomdi tumanidan aynan 2 459 gektar yer maydonini Zarafshon tarkibiga oʻtkazish taklif qilingan.
Chegara oʻzgarishi mahalla fuqarolar yigʻinlari, Zarafshon shahri va Tomdi tumani Kengashlari hamda Navoiy viloyati Kengashida muhokama qilingan, hududlarning kartografik chizmasi va chegara tavsifi ham ma’qullangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda fermerning 500 gektar yeri o‘zidan bexabar auksionga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.