Harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar narkotik moddalar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolarni giyohvandlik vositalari bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Tekshiruv maxsus markazlarda o‘tkaziladi
Tibbiy tekshiruv Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi hamda uning hududiy filiallarida amalga oshiriladi.
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar hududiy harbiy-tibbiy komissiyaga yuborilishidan oldin tekshiruvdan o‘tadi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolar esa harbiy-tibbiy muassasada tibbiy ko‘rikdan o‘tishidan avval mazkur tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Tekshiruv ikki bosqichda amalga oshiriladi
Tibbiy tekshiruv dastlab ekspress-test orqali o‘tkaziladi. Bunda fuqaroning siydik namunasi tekshiriladi. Agar ekspress-test ijobiy natija ko‘rsatsa, siydik va yoki qon namunalari bo‘yicha mass-spektrometrik identifikatsiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
Bu bosqich giyohvandlik vositalari mavjudligini aniqroq tasdiqlash uchun qo‘llanadi.
Ijobiy natija chiqqanlar harbiy-tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydi
Agar tibbiy tekshiruv natijasi ijobiy bo‘lsa, fuqaro keyingi harbiy-tibbiy ko‘rikka qo‘yilmaydi. Shuningdek, tekshiruv uchun zarur biologik namunalarni topshirishdan bosh tortgan fuqarolar ham harbiy-tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaydi.
Ma’lumotlar maxfiy saqlanadi
Tibbiy tekshiruv jarayonida olingan shaxsga doir ma’lumotlar, biologik namunalar va tekshiruv natijalarining maxfiyligi ta’minlanadi.
Shu tariqa yangi tartib harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va xavfsizligini baholashning qo‘shimcha mexanizmini belgilaydi.
Avvalroq «Kursiv» sud hokimiyati organlarini moliyalashtirish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.