Janubiy Koreya prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qizil jenshen sovg‘a qildi

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon davlat tashrifi bilan mamlakatga kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qizil jenshen mahsulotlarini sovg‘a qildi. Bu haqda Yonhap agentligi Janubiy Koreya prezident ma’muriyatiga tayanib xabar berdi.
Sovg‘a Koreyaning premium sog‘lomlashtiruvchi mahsulotlaridan biri sifatida tanlangan bo‘lib, u orqali Shavkat Mirziyoyevga sog‘lik va farovonlik tilaklari bildirildi.
Ziroat Mirziyoyevaga maxsus sopol buyum sovg‘a qilindi
O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga esa uning qiziqishlarini inobatga olgan holda oq chinni va kumushdan foydalanib tayyorlangan, koreys estetikasi aks etgan sopol buyum sovg‘a qilindi.
Janubiy Koreya tomoni tashrif dasturida O‘zbekiston madaniyatiga hurmat va ikki davlat o‘rtasidagi yaqinlikni ko‘rsatishga qaratilgan alohida e’tibor belgilarini ham tayyorlagan.
Seulda O‘zbekiston bayrog‘i namoyish etiladi
Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi munosabati bilan Lotte Tower mediafasadida Janubiy Koreya va O‘zbekiston bayroqlari namoyish etiladi.
Shuningdek, Seuldagi hukumat binosi tashqi ekranlarida koreys va o‘zbek tillarida tabrik va xush kelibsiz mazmunidagi yozuvlar joylashtiriladi.
Rasmiy kutib olish marosimida 280 dan ortiq harbiy qatnashadi
Rasmiy kutib olish marosimida Shavkat Mirziyoyev prezident qarorgohiga kirib kelgan paytdan boshlab an’anaviy faxriy qorovul va harbiy orkestr hamrohlik qiladi.
Marosimda uch turdagi qurolli kuchlar faxriy qorovuli bilan birga jami 280 ga yaqin harbiy saf tortadi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik 10 nafar bolani o‘z ichiga olgan qariyb 30 nafar boladan iborat kutib olish guruhi ham prezidentni qarshi oladi.
Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev Seulda Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgani haqida yozgan edi.