O‘zbekiston va Janubiy Koreya 12 mlrd dollarlik yangi loyihalarni tayyorladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Seulda Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekiston–Koreya alohida strategik sherikligini yangi bosqichga olib chiqish, savdo, investitsiya, texnologiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Muzokaralar tor doirada va ikki davlat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida o‘tkazildi.
Hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishi belgilandi
Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning beshta asosiy yo‘nalishini sanab o‘tdi.
Ular savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Hozir O‘zbekistonda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Qariyb $12 mlrdlik loyihalar tayyorlangan

Tashrif yakunlari bo‘yicha investitsiya portfelini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Tomonlar umumiy qiymati qariyb $12 mlrd bo‘lgan istiqbolli loyihalarni tayyorlagan. Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan.
Ikki davlat Koreya texnologiyalari va O‘zbekistonning resurs hamda sanoat salohiyatini birlashtiradigan innovatsion va texnologik alyans yaratishga ham e’tibor qaratdi.
IT, kiberxavfsizlik va tibbiyotga e’tibor kuchaytiriladi
Yangi alyans faoliyatini axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalariga yo‘naltirish taklif qilindi. Bu yo‘nalishlarda yuqori texnologiyali va raqamli yechimlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar harbiy-texnik hamkorlikni ham rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi. Jumladan, idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va harbiy mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Keyingi Hududlararo forum Samarqandda o‘tkaziladi
Tashrif arafasida ikki davlat o‘rtasidagi ilk Hududlararo forum o‘tkazilgan edi.
Prezidentlar uning natijalarini yuqori baholab, keyingi forumni Samarqand shahrida o‘tkazishga kelishib oldi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekiston va Janubiy Koreya 13 ta hamkorlik hujjatini imzoladi
Ta’lim sohasidagi hamkorlik ham kengayadi
Hozir O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, KOICA ko‘magida tashkil etilgan beshta kasb-hunarga o‘qitish markazi ishlamoqda.
Tomonlar oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumini davom ettirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashinuvini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
2027-yil Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili bo‘ladi
Muzokaralarda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar 2027-yilni «Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili» deb e’lon qilish hamda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi koreys diasporasini ikki xalq o‘rtasidagi «ma’naviy ko‘prik» deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlarni Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga tashrifdan boshlagani haqida xabar berilgandi.