O‘zbekistonga yiliga 7 ming bosh golshtin qoramoli olib kelinishi mumkin

eʼlon qilindi
Golshtin zotidagi sigirlar yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi va ayrim hollarda bir kunda 40 litrdan ortiq sut berishi mumkin
O‘zbekistonga yiliga 7 ming bosh golshtin qoramoli olib kelinishi mumkin
Foto: Pexels

O‘zbekistonga yiliga 7 ming bosh golshtin zotiga mansub qoramol olib kelish, sut va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda Rossiyadan 500 ming tonna bug‘doy yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi. Moskvada O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov Rossiyaning STEP agroxoldingi bosh direktori Andrey Nedujko bilan uchrashdi.

7 ming bosh golshtin qoramoli olib kelish rejalashtirilmoqda

Uchrashuvda O‘zbekistonga har yili 7 ming bosh naslli golshtin zotiga mansub qoramol import qilish taklifi ilgari surildi.

Ularni mamlakat hududlaridagi mahallalarda istiqomat qiluvchi oilalarga biriktirish ko‘zda tutilmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, golshtin zotidagi sigirlar yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi va ayrim hollarda bir kunda 40 litrdan ortiq sut berishi mumkin.

Mazkur loyiha orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi uchun barqaror daromad manbaini yaratish hamda oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qiladigan mexanizmni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Sut va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilishi mumkin

Tomonlar O‘zbekistonda agrosanoat yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildi.

Asosiy yo‘nalishlardan biri sut va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘ldi. Bu borada Rossiya agroxoldingi bilan hamkorlikda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Rossiyadan 500 ming tonna bug‘doy olib kelish muhokama qilindi

Uchrashuvda Rossiyada joriy yilda bug‘doy hosili yuqori bo‘lishi kutilayotgani fonida 500 ming tonna bug‘doyni O‘zbekistonga yetkazib berish imkoniyati ham muhokama qilindi.

Mahsulotni Kaspiy dengizi orqali tashish, jumladan, Astraxan va Maxachkala portlaridan foydalanib yangi logistika yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri avgustda go‘sht mahsulotlari importi 22 foizga oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek