Ziroat Mirziyoyeva Koreya Milliy saroy muzeyiga bordi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva Koreya Respublikasi birinchi xonimi Kim Xe Gyon hamrohligida Koreya Milliy saroy muzeyiga tashrif buyurdi.
Choson sulolasining merosi bilan tanishdi
Tashrif davomida Ziroat Mirziyoyeva besh asrdan ortiq vaqt davomida Koreyaning siyosiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan Choson qirollik sulolasi tarixiga bag‘ishlangan ekspozitsiya bilan tanishdi.
Muzeyda sulola vakillariga tegishli qadimiy qo‘lyozmalar va she’riy asarlar, an’anaviy liboslar, shuningdek, o‘sha davrning turmush tarzi, urf-odatlari va badiiy merosini aks ettiruvchi saroy madaniyatiga oid eksponatlar namoyish etildi.
Birinchi xonimlar uchrashuv o‘tkazdi
Muzey ekspozitsiyasi bilan tanishgach, Ziroat Mirziyoyeva va Kim Xe Gyon ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Koreya xalqlarini ko‘p yillik do‘stlik, o‘zaro hurmat hamda madaniy mushtaraklikka asoslangan yaqin rishtalar bog‘lab turishi ta’kidlandi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi insonparvarlik va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
Avvalroq Seuldagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida savdo, investitsiya, transport, ta’lim, sun’iy intellekt va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar almashilgani haqida xabar berilgandi.