400 mln so‘mlik elektr qarzini kamaytirib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida 400 mln so‘mlik elektr energiyasi qarzdorligini kamaytirib berishni va’da qilib, $3 ming olayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
$3 ming olayotganda ushlangan
Departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda bir shaxs savdo do‘konida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha yuzaga kelgan 400 mln so‘mlik qarzdorlikni «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Andijon viloyati filialida ishlovchi tanishlari orqali kamaytirib berishini aytgan.
U buning evaziga $3 ming olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik hamda 28, 211-moddalari – pora berishga oid normalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xorazmda bo‘lim boshlig‘i ming dollar pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.