AQSh kosmosda ham qurol joylashtirganini ilk bor tan oldi

AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meink mamlakat Kosmik kuchlari orbitada «kosmik nazorat qurollari»ga ega ekanini ma’lum qildi. Bu Pentagonning AQSh kosmosda hujumkor salohiyatga ega ekanini eng ochiq tan olishi bo‘ldi. Bu haqda Air & Space Forces Magazine xabar berdi.
«Kosmik nazorat qurollari» orbitada joylashtirilgan
Meink bu haqda 14-sentabr kuni AQShning Merilend shtatidagi National Harbor shahrida bo‘lib o‘tgan Air, Space and Cyber konferensiyasining ochilish marosimida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Kosmik kuchlar orbitadagi qurollardan AQSh va ittifoqchi qo‘shinlarni dushmanlarning kosmosdagi harakatlaridan himoya qilish uchun foydalanishga tayyor.
«Biz nafaqat havoda, balki kosmosda ham ustunligimizni saqlab qolishimiz muhim», – dedi Meink.
Vazir AQShning orbitadagi tizimlari kinetik yoki nokinetik ekanini, ular sinovdan o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganini va aniq qanday imkoniyatlarga ega ekanini oshkor qilmadi.
Pentagon qurollar haqida ochiqroq gapira boshladi
AQSh rasmiylari so‘nggi yillarda kosmosdagi tahdidlarga qarshi «counter-space» imkoniyatlari va «space fires» deb ataluvchi vositalarni rivojlantirish zarurligi haqida tobora ochiqroq gapirmoqda.
Bunga Xitoy va Rossiyaning kosmik qurollarni rivojlantirayotgani hamda orbitada agressiv manevrlarni amalga oshirayotgani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Meinkning aytishicha, AQShning orbitadagi qurollari mavjudligini ochiq tan olishning o‘zi ham raqiblarni tiyib turish vazifasini bajarishi mumkin. Biroq u tizimlarning tafsilotlarini oshkor qilish bunday ta’sirni kamaytirishi mumkinligini bildirdi.
AQSh kosmosdagi raketaga qarshi tizimlarni ham rivojlantirmoqda
Kosmik kuchlar ayni paytda kosmosdan turib tahdidlarni kuzatish va yo‘q qilishga mo‘ljallangan yangi tizimlarni ham ishlab chiqmoqda.
Ular orasida Space-Based Interceptor (SBI) dasturi alohida o‘rin tutadi. Tizim AQShning «Golden Dome» raketaga qarshi mudofaa loyihasining bir qismi bo‘lib, kosmosdan raketalarni tutib qolishga mo‘ljallangan.
Meinkning aytishicha, SBI loyihasi dastlabki shartnomadan uchishga tayyor apparatgacha bo‘lgan bosqichga bir yilga yetmagan muddatda o‘tgan. Kosmik kuchlar dastlabki imkoniyatni 2028-yilgacha joylashtirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
SpaceX 4,2 mlrd dollarlik shartnoma olgan
AQSh Kosmik kuchlari yana Space-Based Air-Moving Target Indication dasturi doirasida havodagi nishonlarni orbitadan kuzatish imkonini beruvchi sun’iy yo‘ldoshlar tizimini yaratmoqda.
May oyida SpaceX ushbu tizimni qurishni boshlash uchun $4,2 mlrdlik shartnoma olgan.
Meinkning ma’lum qilishicha, mazkur dastur doirasidagi ilk sun’iy yo‘ldosh shu oyda uchiriladi. Kosmik kuchlar dastlab nechta apparat orbitaga chiqarilishini va kelajakdagi tizim jami nechta sun’iy yo‘ldoshdan iborat bo‘lishini hozircha oshkor qilmagan.
AQSh rasmiylari yangi kosmik tizimlar mamlakatning harbiy va iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan kosmik infratuzilmani raqiblarning hujumlaridan himoyalashga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq AQSh Oliy sudi prezident Donald Trampning noyabr oyidagi oraliq saylovlar oldidan pochta orqali ovoz berish qoidalarini keskinlashtirishga qaratilgan talabini rad etgandi.