
16-sentabr kuni Cinematica kinoteatrida tadbirkor va yozuvchi Diyora Rahimovaning hayoti hamda professional faoliyatiga bag‘ishlangan «Diora U: mening hikoyam» hujjatli serialining yopiq premyerasi o‘tkaziladi.
Serialning birinchi qismi «Shunchaki Diyora» deb nomlangan. Unda Diyora Rahimovaning shaxsiy hayoti, tadbirkorlik yo‘li va muhim qarorlari haqida hikoya qilinadi.
Birinchi qismda Botir Rahimov bilan intervyu bo‘ladi
Ilk epizodda Diyora Rahimovaning turmush o‘rtog‘i, tadbirkor Botir Rahimov bilan eksklyuziv intervyu ham namoyish etiladi.
U farzand tarbiyasi, rafiqasining tadbirkorlik faoliyati va uning professional o‘sishiga yordam bergan fazilatlari haqida gapirib beradi.
Shuningdek, hunarmand Madina Qosimboyeva Diyora Rahimova bilan hamkorlik tajribasi va an’anaviy naqshlarni zamonaviy uslubda rivojlantirish haqida so‘zlaydi.
Serial kuzatuv formatida suratga olingan
Loyiha hujjatli kuzatuv formatida tayyorlangan. Suratga olish guruhi Diyora Rahimovaning uchrashuvlari, loyihalar ustidagi ishlari, muhim qarorlari va kundalik hayotidagi voqealarni tasvirga olgan.
Serialda oilaviy va professional hayotga oid shaxsiy hamda arxiv materiallari ham ishlatilgan. Ularning ayrimlari birinchi marta ommaga ko‘rsatiladi.
Uning loyihalarida 1000 dan ortiq kishilar ishlaydi

Diyora Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda uning loyihalarida 1000 dan ziyod insonlar faoliyat yuritadi.
U har bir loyiha odamlar hayotiga foyda keltirishi va yangi imkoniyatlar yaratishi kerakligini ta’kidlagan.
Barcha qismlar YouTube’da e’lon qilinadi
Serialning keyingi qismlarida Diyora Rahimovaning yangi loyihalari, tadbirkorlik faoliyati va oilaviy qarorlari yoritiladi.
Har bir epizod 40 daqiqagacha davom etadi. Barcha qismlar Diyora Rahimovaning rasmiy YouTube kanalida e’lon qilinadi.