O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,9 foizgacha pasaydi

eʼlon qilindi
5,8 foizdan 3,9 foizgacha kamaydi
Foto: ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,9 foizgacha kamaydi. Shu davrda 515 mingta oila uchun individual rejalar ishlab chiqilib, 161 ming nafar fuqaro ishga joylashtirildi. Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi brifingida ma’lum qilindi.

469 ming fuqaro ish va tadbirkorlikka jalb qilindi

Hisobot davrida 161 ming nafar fuqaro ishga joylashtirilgan bo‘lsa, yana 304 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilingan.

Mahallalarda qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 164 ming nafar aholining daromadini oshirishga erishilgan.

Natijada 49 ta tuman va 3 429 ta mahalla «kambag‘allikdan xoli» hududga aylangan.

Aholi uyma-uy o‘rganiladi

Bandlik va daromadlarni oshirish bo‘yicha «avval tashxis – keyin yechim» tamoyiliga asoslangan yangi diagnostika tizimi joriy etiladi.

Bunda fuqarolar uyma-uy o‘rganilib, ma’lumotlar «Onlayn mahalla» tizimiga kiritiladi. Ishsizlik va kambag‘allik sabablari aniqlanib, har bir fuqaro uchun individual reja hamda «Ombor kitobi» shakllantiriladi.

Sun’iy intellekt yordamida toifalarga ajratilgan fuqarolar «mahalla yettiligi»ga biriktiriladi. Rejalar tasdiqlanib, har chorakda yangilanib boradi.

Ayni paytda hokimlar boshchiligida «favqulodda shtablar» ham ish boshlagan.

Yil oxirigacha yana 230 ming oila kambag‘allikdan chiqariladi

Yil yakuniga qadar yana 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish va 1 mln nafar aholining daromadini oshirish vazifasi belgilangan.

Avvalroq O‘zbekistonda qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga qabul qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi pasaytirilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek