O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti tizimi isloh qilinadi

O‘zbekistonda aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash tizimini barqarorlashtirish va sohaga bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.
LPG-Trade kompaniyasi tashkil etiladi
Qarorga ko‘ra, suyultirilgan gaz ta’minoti sohasidagi vazifalarni ixtisoslashtirish, moliyaviy shaffoflikni oshirish va bozor tamoyillarini joriy qilish maqsadida «Hududgazta’minot» AJ ta’sischiligida «LPG-Trade» MChJ tashkil etiladi.
Yangi tizimda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida saqlanib qoladi.
Suyultirilgan gaz birja orqali sotiladi
Respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan hamda import qilinadigan suyultirilgan gaz, korxonalarning o‘z shoxobchalarida sotiladigan hajmlardan tashqari, faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi.
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi korxonalar esa mahsulotni birjadan yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri import orqali xarid qilishi mumkin bo‘ladi.
Xususiy sektor jalb qilinadi
Aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimiga xususiy sektorni jalb qilish rejalashtirilgan. Shu orqali sohada raqobat muhiti bosqichma-bosqich shakllantiriladi.
Shuningdek, suyultirilgan gaz ta’minotida amalda bo‘lgan kross-subsidiyalash mexanizmi ham bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Ehtiyojmand aholi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
Islohotlar jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat zimmasida qoladi.
Qarordan ko‘zlangan maqsad suyultirilgan gaz ta’minotining moliyaviy barqarorligini oshirish, bozorda raqobatni kuchaytirish va aholiga gaz yetkazib berishning uzluksizligini ta’minlashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda sentabr va oktabr oylarida issiq suv 5 kungacha o‘chirilishi haqida yozgan edi.