Qo‘shtepa tumanida 158,7 mln so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida obodonlashtirish ishlari bilan bog‘liq 158,7 mln so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
283 tonna asfalt qo‘shib yozilgan
Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qo‘shtepa tumani Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari bilan bog‘liq holat aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, xususiy korxona va MChJ o‘rtasidagi shartnomalar asosida jami 3,9 mlrd so‘mlik 6 084 tonna asfalt xarid qilingan.
Tekshiruv davomida 26 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 61 ta ko‘chada amalda bajarilmagan ishlarga 283 tonna asfalt qo‘shib yozilgani aniqlangan. 158,7 mln so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani qayd etilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi – hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanishga oid normalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» 400 mln so‘mlik elektr qarzini kamaytirib berishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.