Shavkat Mirziyoyev Shinhan Financial Group rahbari bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahriga tashrifi doirasida Shinhan Financial Group kompaniyasi raisi Chjin Ok Don bilan uchrashdi. Tomonlar moliyaviy hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalari va bank xizmatlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston banklariga kredit liniyalari ajratiladi
Uchrashuvda O‘zbekiston tijorat banklariga kredit liniyalari ajratish bo‘yicha kelishuv imzolangani qayd etildi.

Tomonlar bu hamkorlik mahalliy banklar orqali biznes va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishini ta’kidladi.
O‘zbekistonda «Shinhan Bank» sho‘ba banki ochilishi mumkin
Muzokaralarda O‘zbekistonda «Shinhan Bank»ning sho‘ba bankini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yangi moliyalashtirish instrumentlarini joriy etish, «yashil» kreditlarni jalb qilish va raqamli banking xizmatlarini rivojlantirishga qiziqish bildirildi.
Investitsiya loyihalari ham muhokama qilindi
Uchrashuvda infratuzilmani takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energetika va sanoat sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Kichik va o‘rta biznes uchun maxsus moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Avvalroq «Kursiv» Lotte Group O‘zbekistondagi turizm markazlarini boshqarishi mumkinligi haqida yozgan edi.