Shinhan Bank O‘zbekistonda sho‘ba bank tashkil etishi mumkin

Janubiy Koreyaning Shinhan Financial Group O‘zbekistonda sho‘ba bank tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kompaniya raisi Chjin Ok Don bilan moliyaviy hamkorlik va investitsiya loyihalarini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston banklariga yangi kredit liniyalari jalb qilinadi
Uchrashuvda O‘zbekiston tijorat banklariga kredit liniyalarini ajratish bo‘yicha kelishuv imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar moliyalashtirishning yangi instrumentlarini O‘zbekiston moliya bozoriga jalb qilish masalasini ham muhokama qildi. Xususan, «yashil» kreditlar, raqamli banking hamda kichik va o‘rta biznes uchun maxsus moliyaviy yechimlarni rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Shinhan Financial Group bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda sho‘ba bank tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Lotte Group O‘zbekistondagi turizm markazlarini boshqarishi mumkinligi haqida yozgan edi.