Mirziyoyev Janubiy Koreyaga davlat tashrifini yakunladi

eʼlon qilindi
Tashrif davomida Koreya prezidenti Li Chje Myon, Milliy Assambleya spikeri va bosh vazir bilan uchrashuvlar o‘tkazildi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi yakunlandi. Tashrif davomida Koreya prezidenti Li Chje Myon, Milliy Assambleya spikeri va bosh vazir bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Koreya bilan strategik sheriklik muhokama qilindi

Seulda Shavkat Mirziyoyev va Li Chje Myon o‘rtasida tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi spikeri Cho Chjon Shik va bosh vazir Xan Son Suk bilan uchrashdi.

Biznes-forumda yangi loyihalar ishga tushirildi

Tashrif doirasida O‘zbekiston – Koreya biznes forumi o‘tkazildi. Forum davomida qator qo‘shma loyihalar ishga tushirildi va ularning qurilishiga start berildi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha salmoqli kelishuvlar paketi imzolandi.

Mirziyoyev Koreyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

Markaziy Osiyo – Koreya sammitida tashabbuslar ilgari surildi

O‘zbekiston prezidenti birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitida ham ishtirok etdi.

Sammitda hamkorlikning beshta strategik yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonning tashabbuslari ilgari surildi. Mirziyoyev ushbu formatdagi birinchi biznes sammitida ham nutq so‘zladi.

Tashrif davomida Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.

Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi

Tashrif yakunida Seul aeroportida Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasini Janubiy Koreyaning ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo Chjun hamda boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. O‘zbekiston prezidenti Toshkentga yo‘l oldi.

Avvalroq Mirziyoyev Koreyadagi o‘zbeklar bilan muloqotda davlat rahbari ish jadvali tig‘izligini tilga olib, unga eng ko‘p yetishmayotgan narsa vaqt ekanini aytgandi.

Shuningdek