Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Koreya hamkorligi uchun beshta yo‘nalishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Seulda o‘tkazilgan birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha beshta strategik yo‘nalishni ilgari surdi. Takliflar uzoq muddatli rejalashtirish, savdo va investitsiyalar, muhim minerallar, yashil taraqqiyot hamda yoshlar salohiyatini rivojlantirishni qamrab oladi. Sammitda Markaziy Osiyoning besh davlati va Janubiy Koreya rahbarlari ishtirok etdi.
2030-yilgacha savdoni $20 mlrdga yetkazish taklif qilindi
Prezident mintaqa davlatlari va Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish uchun sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini yaratishni taklif etdi.
Mazkur mexanizm orqali 2030-yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini $20 mlrdga yetkazish maqsadi ilgari surildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda «Markaziy Osiyo – Koreya» sanoat-texnologik parkini tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Muhim minerallar bo‘yicha investitsiya alyansi tuzilishi mumkin
Uchinchi yo‘nalish muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Mirziyoyev geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan yirik sanoat klasterlarini tashkil etishni taklif qildi.
Buning uchun muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.
Iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha yangi format taklif etildi
To‘rtinchi yo‘nalish yashil iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishiga moslashishga bag‘ishlandi.
Prezident Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha alohida format yaratishni taklif qildi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekiston va Janubiy Koreya qaysi sohalarda hamkorlik qiladi
Yoshlar uchun «buyurtma – o‘qitish – bandlik» tamoyili
Beshinchi yo‘nalish inson kapitali va yoshlar salohiyatini rivojlantirishga qaratildi.
Mirziyoyev ta’lim va mehnat bozorini «buyurtma – o‘qitish – bandlik» tamoyili asosida bog‘lashni taklif qildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishda yoshlarning ishtirokini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Kiberxavfsizlik ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi
Prezident hamkorlikning uzoq muddatli istiqbolini belgilash uchun «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik» konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Unda sun’iy intellekt, iqlim, suv, infratuzilma va inson kapitali bilan birga kiberxavfsizlik masalalariga ham e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.
Sammit yakunida Seul deklaratsiyasi va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga oid boshqa hujjatlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Janubiy Koreyaga davlat tashrifi davomida Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi. Muloqotda davlat rahbari ish jadvali tig‘izligini tilga olib, unga eng ko‘p yetishmayotgan narsa vaqt ekanini aytdi