O‘zbekiston shaxmat Olimpiadasini qanday boshladi

Samarqandda start olgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining dastlabki turida O‘zbekistonning oltita milliy jamoasi ham raqiblarini mag‘lub etdi. Erkaklar jamoalari Yamayka, Afg‘oniston va Mali, ayollar jamoalari esa Trinidad va Tobago, Togo hamda Tanzaniyani taslim etdi. Bu haqda Uzchess xabar berdi.
Musobaqa 16-sentabr kuni boshlandi. O‘zbekiston mezbon sifatida ochiq va ayollar yo‘nalishlarining har birida uchta jamoa bilan qatnashmoqda.
Asosiy jamoa Yamaykani 4:0 hisobida yutdi
O‘zbekistonning erkaklar o‘rtasidagi birinchi jamoasi ilk turda Yamayka ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov Joshua Kristini 2 216 reyting bilan mag‘lub etdi. Nodirbek Yakubboyev Rahim Gleyvsni, Shamsiddin Vohidov Jayden Shouni, Muhiddin Madaminov esa Akim Brovni yengdi.

Jamoaning o‘rtacha reytingi 2 720 bo‘lib, O‘zbekiston Olimpiadada reyting bo‘yicha uchinchi raqam ostida qatnashmoqda. Undan oldinda AQSh – 2 753 va Hindiston – 2 735 reyting bilan turibdi.
O‘zbekistonning asosiy tarkibidan Abdusattorov, Javohir Sindarov, Yakubboyev, Vohidov va Madaminov joy olgan. Jamoa kapitani – Rustam Qosimjonov.

Javohir Sindarov esa birinchi turda doskaga chiqmadi. U Olimpiada boshlanishidan oldin Hindistonda o‘tgan Global Chess League musobaqasida qatnashgan va turnir yakunidan so‘ng dam olish uchun unga imkoniyat berilgan. Sindarovning jamoasi musobaqada uchinchi o‘rinni egallagan, o‘zbekistonlik grossmeyster esa birinchi doskadagi eng yaxshi shaxmatchi deb topilgan.

Ikkinchi va uchinchi jamoalar ham ochko oldi
O‘zbekiston-2 Afg‘onistonni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Abdimalik Abdisalimov, Muhammadzohid Suyarov va Ortiq Nigmatov o‘z partiyalarida g‘alaba qozondi. Humoyun Begmurodov esa raqibiga imkoniyatni boy berdi.

O‘zbekiston-3 esa Mali ustidan 3,5:0,5 hisobida zafar quchdi. Saidakbar Saydaliev durang o‘ynagan bo‘lsa, Almas Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov va Asrorbek Omonov g‘alaba qozondi.
Ayollar jamoalari ham mag‘lubiyatsiz
O‘zbekistonning asosiy ayollar jamoasi Trinidad va Tobagoni 4:0 hisobida yengdi. Gulruxbegim Tohirjonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va Umida Omonova o‘z partiyalarida g‘alaba qozondi.

Ikkinchi jamoa Togo ustidan 3:1 hisobida ustun keldi. Marjona Malikova, Asal Salimova va Mumtozbegim Mansurova raqiblarini mag‘lub etdi. Madinabonu Xalilova esa o‘z partiyasida yutqazdi.
Uchinchi ayollar jamoasi esa Tanzaniyani 4:0 hisobida taslim etdi. Zilola Aktamova, Maftuna Bobomurodova, Shohina Ahmedova va Barchinoy Shokirjonova to‘liq g‘alabani ta’minladi.

Olimpiada 27-sentabrgacha davom etadi
46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16 – 27-sentabr kunlari Samarqandda o‘tkazilmoqda. Ochiq seksiyada 208 ta, ayollar seksiyasida esa 191 ta jamoa qatnashmoqda.
Musobaqa Shveysariya tizimida 11 turdan iborat. Har bir uchrashuvda jamoalar to‘rt nafar shaxmatchini doskaga tushiradi, yana bir o‘yinchi zaxirada qoladi.
O‘zbekiston uchun ikkinchi tur 17-sentabr kuni o‘tkaziladi. Partiyalar soat 15:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi Shaxmat olimpiadasi ochilish marosimi qanday o‘tgani haqida ma’lumot berilgandi.