O‘zbekistonda odamlar ijtimoiy tarmoqlarda necha soat vaqt o‘tkazadi

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 37,3 foizi ish yoki o‘qish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. 13 – 17 yoshdagilarning 74,4 foizi esa ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. Tadqiqot 14 hududdan 1 371 nafar respondentni qamrab olgan.
Eng ko‘p Telegram’dan foydalaniladi
«Yuksalish» harakatining «Opinions» sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda «Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot» mavzusida so‘rov o‘tkazdi.
Unda mamlakatning 14 ta hududidan 1 371 nafar respondent ishtirok etgan. Tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish maqsadlari, ularga sarflanadigan vaqt hamda ularning o‘qish, ish va uyquga ta’siri o‘rganilgan.
Respondentlar orasida eng ko‘p foydalaniladigan platforma Telegram bo‘lgan – ishtirokchilarning 88,9 foizi undan foydalanishini bildirgan. Instagram 73,5 foiz, YouTube 61,8 foiz va Facebook 24,7 foiz ko‘rsatkich qayd etgan.
Ijtimoiy tarmoqlar faqat ko‘ngilochar vosita emas
Respondentlarning 69,9 foizi ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanishini aytgan.
Yangiliklarni kuzatish 64 foiz, ta’lim olish 43,8 foiz, ko‘ngilochar kontent ko‘rish 42,2 foiz va daromad yoki kasbiy maqsadlarda foydalanish 40,6 foizni tashkil etgan. Mazkur savolda bir nechta javobni tanlash mumkin bo‘lgan.
Shu sababli tadqiqot natijalarida ijtimoiy tarmoqlar nafaqat hordiq chiqarish, balki axborot olish, ta’lim va kasbiy faoliyat vositasi sifatida ham namoyon bo‘lgan.
Har uch kishidan biri vaqtni ortiqcha sarflayotganini tan olgan
Ish yoki o‘qish kunlarida respondentlarning 37,3 foizi ijtimoiy tarmoqlardan kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadi. 12,4 foiz ishtirokchi esa bu vaqt 4 soatdan ham oshishini bildirgan.
Dam olish kunlarida 4 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga yetgan.
Respondentlarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblagan. Biroq 33,4 foiz ishtirokchi, ya’ni qariyb har uch kishidan biri, tarmoqlarda keragidan ko‘proq vaqt qolib ketayotganini tan olgan.
Vaqtini kamaytirishga uringan respondentlarning 61 foizi bunga erishgan, 23,9 foizi esa uddalay olmagan. 28 foiz ishtirokchi esa vaqtini kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
Uzoq foydalanish faqat yoshlar orasida emas
Tadqiqot ijtimoiy tarmoqlardan uzoq foydalanish faqat yoshlar bilan bog‘liq emasligini ham ko‘rsatgan.
Kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlarda 43,7 foiz bo‘lgan. Maktab o‘quvchilarida bu ko‘rsatkich 27,3 foiz, talabalarda esa 32,7 foizni tashkil etgan.
O‘smirlarning 74,4 foizi uyqusiga ta’sirini sezgan
So‘rov ishtirokchilarining 62,2 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan.
18 yosh va undan katta respondentlarning 58,1 foizi tarmoqlardan foydalanish ish yoki kundalik vazifalariga ma’lum darajada xalaqit berishini qayd etgan.
13–17 yoshdagi ishtirokchilarda uyquga ta’sirni sezganlar ulushi 74,4 foizni tashkil qilgan. Ushbu yosh guruhining qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalariga ham xalaqit berishini bildirgan.
O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini aytgan. 5,1 foizida bunday nazorat mavjud emas.
Eng katta xavotir — vaqtning ortiqcha sarflanishi
Respondentlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdagi eng katta muammo sifatida ortiqcha vaqt sarflashni ko‘rsatgan – 30,1 foiz.
Soxta yoki ishonchsiz axborot 18,6 foiz, firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi esa 13,2 foiz respondentni tashvishga solgan.
Shuningdek, uyqu va salomatlikka ta’sir hamda oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishi 6,9 foizdan, haqorat va tazyiq 4,2 foizdan qayd etilgan. Respondentlarning 8,5 foizi esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish muammo keltirib chiqarmasligini bildirgan.
Tadqiqot mualliflari nima taklif qilmoqda
Tahlil mualliflari ijtimoiy tarmoqlardan ongli va xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini nafaqat yoshlar, balki katta yoshdagi aholi orasida ham kuchaytirish zarurligini qayd etgan.
Ta’lim muassasalari va mahallalarda vaqtni boshqarish, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va soxta axborotni aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish tavsiya etilgan.
Tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlar bilim olish, muloqot va kasbiy rivojlanish uchun imkoniyat yaratishi bilan birga, ulardan nazoratsiz foydalanish vaqtning samarasiz sarflanishi hamda uyqu va kundalik vazifalarga ta’sir qilishi mumkinligi qayd etilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 10 yosh va undan katta aholining 97,3 foizi internetdan foydalanishi haqida xabar berilgandi.