O‘zimniyam qiynayman, sizlarniyam — prezidentning 9 soatlik siri nima

eʼlon qilindi
Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova o‘z Telegram kanalida yozdi
O‘zimniyam qiynayman, sizlarniyam — prezidentning 9 soatlik siri nima
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga davlat tashrifi davomida Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Muloqotda davlat rahbari ish jadvali tig‘izligini tilga olib, unga eng ko‘p yetishmayotgan narsa vaqt ekanini aytdi. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova o‘z Telegram kanalida yozdi.

Mirziyoyevning Koreyaga tashrifi bir nechta uchrashuv va iqtisodiy tadbirlarni qamrab oldi. Shu kuni u Koreya Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashdi, O‘zbekiston–Koreya biznes forumida qatnashdi, yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi va Koreyadagi vatandoshlar bilan suhbatlashdi.

«Prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi»

Vatandoshlar bilan uchrashuvni yoritgan jurnalist qaydlariga ko‘ra, Mirziyoyev yoshlarning hayoti va vaqtning qadri haqida gapirgan.

«Men mashinada ko‘p yuraman, ko‘chada bir-biri bilan muloqot qilib ketayotgan yoshlarni ko‘rib o‘ylayman: qani endi ular eng baxtli kunlari shu ekanini bilsalar… Bilasizlarmi, Prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!»

Jurnalistning yozishicha, Prezident Koreya Milliy Assambleyasidagi uchrashuvdan so‘ng ishlar ko‘pligi sabab ertalab soat 4 da uyg‘onishga to‘g‘ri kelayotganini aytgan.

Shuningdek, o‘qing: Shavkat Mirziyoyev Koreya Milliy Assambleyasi spikeri bilan uchrashdi

«9 soat» nimani anglatadi

Uchrashuv haqidagi jurnalist qaydlarida protokol xizmati prezidentga bir necha bor «9 soat bo‘ldi» deb eslatgani aytiladi.

Biroq bu ibora davlat rahbarining to‘qqiz soat davomida uzluksiz ishlaganini anglatganmi yoki keyingi tadbir bilan bog‘liq vaqtni bildirganmi — aniqlashtirilmagan.

Jurnalist yozishicha, Mirziyoyev vatandoshlar bilan suhbatni davom ettirgan va uchrashuvda quyidagi fikrni ham bildirgan:

«O‘zimniyam qiynayman, sizlarniyam. Ishlamagunlaringcha qo‘ymayman, bizga 40 million xalq qarab turibdi. Ularni rozi qilishimiz kerak».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shinhan Bank O‘zbekistonda sho‘ba bank tashkil etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kompaniya raisi Chjin Ok Don bilan moliyaviy hamkorlik va investitsiya loyihalarini muhokama qildi. 

Shuningdek