Tibbiyotda tor soha mutaxassislarini tayyorlash rezidenturaga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda tor soha tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash tizimi bosqichma-bosqich rezidentura modeliga o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Davlat tibbiyot ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida tor soha mutaxassislarini rezidenturada tayyorlash davlat granti asosida amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot rezidenturasi boshlanadi
2026/2027 o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha alohida rezidentura tashkil etiladi. Mazkur dastur bitiruvchilariga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.
Oilaviy tibbiyot yo‘nalishidagi rezidentlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlariga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi.
Bunda rezidentura talabalari bir vaqtning o‘zida ta’lim oladi va amaliyot bilan shug‘ullanadi. Poliklinikaga biriktirilgan aholiga tibbiy xizmatlar oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari hamda rezidentlar tomonidan ham ko‘rsatiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan ordinaturaga qabul to‘xtatiladi
2027/2028 o‘quv yilidan tor soha mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi.
Shu vaqtdan boshlab klinik ordinaturaga qabul to‘xtatiladi. Tibbiyot yo‘nalishidagi tor mutaxassisliklar bo‘yicha magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida qabul parametrlari ham qisqartiriladi.
Mazkur qisqartirish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar mutaxassislarni rezidenturada tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Rezidentlarga stipendiya to‘lanadi
Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilingan talabalarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lanadi.
Stipendiya miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,15 baravariga teng bo‘ladi. Rezidentura dasturini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi hamda Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos davlat namunasidagi diplom beriladi.
Tor mutaxassislik bo‘yicha ixtisoslashuv faqat rezidentura orqali bo‘ladi
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, tibbiyot sohasida magistratura orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi.
Magistratura qabul parametrlarining qisqarishigacha bo‘lgan hajmining 20 foizigacha bo‘lgan qismi magistratura dasturlari uchun saqlab qolinadi. Magistratura dasturlari esa asosan ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Magistraturaga turdosh yo‘nalish bitiruvchilari ham qabul qilinadi
Yangi tartib bilan magistraturaga oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, biroq mazkur mutaxassislik bo‘yicha bevosita profil ta’lim olmagan, turdosh yo‘nalishlarni tamomlagan shaxslarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi.
Bunda nomutaxassislar uchun magistratura dasturlari faqat ilmiy yo‘nalishda tashkil etiladi.
Nodavlat tashkilotlarga ham rezidentura ochishga ruxsat beriladi
Nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlari ham tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib rezidentura dasturlarini tashkil qilishi mumkin. Bunday ta’lim tashkilotning o‘z mablag‘lari hisobidan yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri stomatologiya talabalari uchun poliklinikalar biriktirilishi haqida yozgan edi.