Alisher Qodirov Madaniy meros agentligini parlament nazorati bilan ogohlantirdi

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Madaniy meros agentligining o‘z tanqidlariga bergan rasmiy javobidan qoniqmaganini bildirdi.
U agentlikdan Sarmishsoy, Shohizinda, Mizdaxqon va boshqa tarixiy obyektlar bo‘yicha aniq javob olish uchun parlament so‘rovi yoki eshituvi mexanizmlaridan foydalanishga harakat qilishini ma’lum qildi. Qodirovning yozishicha, Madaniy meros agentligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi budjet hisoboti vaqtida deputatlar ko‘targan masalalarga javob berish o‘rniga ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy munosabat bildirdi.
Deputat agentlik uning avvalgi fikrlarini millatlararo masala sifatida talqin qilishga urinayotganini tanqid qildi. Avvalroq Qodirov Toshkentdagi Bobur ko‘chasi, 7-uy manzilidagi tarixiy binoni saqlashga sarflanayotgan e’tibor va mablag‘larni savol ostiga qo‘ygan edi. Madaniy meros agentligi esa bunga javoban madaniy merosning qiymati obyekt bilan bog‘liq shaxsning millatiga emas, tarixiy-madaniy ahamiyat va ekspertiza xulosalariga bog‘liqligini bildirgan.
Qodirov agentlikka to‘rtta asosiy savol qo‘ydi
Deputat Sarmishsoy majmuasiga milliardlab so‘m sarflangani holda ochiq osmon ostidagi hududning qarovsiz qolayotganini, Shohizinda majmuasiga uning yonidan o‘tuvchi avtomobil yo‘li zarar yetkazayotganini, Buxorodagi qadimiy Qur’on nusxalaridan biri talabga javob bermaydigan sharoitda saqlanayotganini hamda qadimgi Dovon davlati bilan bog‘liq hududlarning dehqonchilik uchun berilganini tanqid qildi.
Uning fikricha, bunday obyektlarda arxeologik qazishmalar va muhofaza ishlari ustuvor bo‘lishi kerak.
Qodirov, shuningdek, nega agentlik ayrim tarixiy obyektlar yuzasidan mahalliy hokimliklar bilan sudlashmayotgani va nima sababdan milliy tarix bilan bog‘liq ayrim yodgorliklarga yetarli e’tibor qaratilmayotganini so‘radi.
Parlament so‘rovi yoki eshituvi bo‘lishi mumkin
Deputat partiya agentlikning rasmiy munosabatiga alohida javob bermasligini, biroq savollarga javob olish uchun Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yoki parlament eshituvi vakolatlaridan foydalanishga harakat qilishini aytdi.
«Xalqqa uning qadriyatlari va ming yillik merosini asrash uchun berayotgan pullari qanday ishlatilayotgani haqida hisobot kerak», – deb yozdi Qodirov.
U davlat rahbarining «Deputatga munosabat – xalqqa munosabatdir» degan fikrini ham eslatdi.
Avvalroq «Kursiv» Alisher Qodirov noqonuniy qurilishlar uchun jarimalarni oshirishni qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgan edi.