Ayrim kompaniyalarning IPO’ga tayyorgarligini baholash boshlandi — UzNIF

UzNIF portfelidagi ayrim kompaniyalarning IPO’ga tayyorgarlik darajasini baholash boshlandi. Baholash jarayonida ularning moliyaviy hisobotlari, korporativ boshqaruvi, operatsion tayyorgarligi va investorlar uchun jozibadorligi o‘rganilmoqda. Bu haqda UzNIF aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi qarorida Uzbekistan Airways, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari, «O‘zbekgidroenergo», Hududiy elektr tarmoqlari va «Hududgazta’minot»ni IPOga, «O‘zbektelekom»ni esa SPOga olib chiqish nazarda tutilgan.
UzNIF taqdimotiga ko‘ra, ushbu oltita kompaniya jamg‘arma sof aktivlari qiymatining qariyb 64 foizini tashkil qiladi. «O‘zsanoatqurilishbank» (SQB) ham qo‘shib hisoblanganda, taqdimotda ko‘rsatilgan yettita kompaniyaning NAVdagi ulushi 78 foizga yetadi.

IPOga tayyorgarlik jarayoni boshlandi
UzNIF ma’lumotiga ko‘ra, ayrim portfel kompaniyalarining IPOga tayyorlik darajasini baholash boshlangan. Bunda ularning moliyaviy hisobotlari, korporativ boshqaruvi, operatsion tayyorgarligi va investorlar uchun jozibadorligi o‘rganilmoqda.
IPO bo‘yicha maslahatchilarni tanlash uchun ham beshta parallel jarayon olib borilmoqda.
Biroq hozircha kompaniyalarning qaysi biri birinchi bo‘lib bozorga chiqishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Bu tayyorgarlik darajasi, bozor sharoiti, maslahatchilar tavsiyasi va tegishli davlat organlari qaroriga bog‘liq bo‘ladi.
IPO UzNIF aktivlari qiymatiga qanday ta’sir qiladi
Franklin Templeton Asset Management bosh direktori Marius Danning aytishicha, kompaniyaning IPO’dagi bahosi UzNIF portfelidagi ulush qiymatiga bevosita ta’sir qiladi.
«IPO narxi NAV uchun juda muhim bo‘ladi. Agar kompaniya qayta yuqoriroq baholansa, uning jamg‘arma portfelidagi ulushi ham o‘zgaradi», – dedi Marius Dan.
Agar UzNIF IPO vaqtida o‘z ulushining bir qismini sotsa, ushbu ulushning bir qismi pul mablag‘iga aylanadi. Agar jamg‘arma ulushini saqlab qolsa, kompaniyaning birjadagi narxi keyinchalik uning qiymatini baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Dan portfelda ko‘proq birjada savdo qilinadigan kompaniyalar bo‘lishi investorlar uchun ham qulayligini ta’kidladi.
«Biz aktivlarni mustaqil baholash hisobotlari asosida emas, aksiyalarining bozor narxi orqali baholash mumkin bo‘lgan kompaniyalar sonini oshirishni istaymiz. Bu aksiyadorlarga portfel NAVidagi o‘zgarishlarni kuzatishni osonlashtiradi».
SQB nega dividend to‘lamadi

Taqdimotga ko‘ra, SQB 2024 va 2025-yillar uchun UzNIF foydasiga dividend e’lon qilmagan. Marius Dan buni bank kapitalini saqlab qolish va kreditlashni davom ettirish zarurati bilan izohladi.
«Bank o‘sishda davom etishi kerak. Dividend to‘lash bilan kapitalni bankda qoldirib, yangi kreditlar berish o‘rtasida muvozanatni saqlashimiz kerak», – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, SQB foyda bilan ishlagan bo‘lsa-da, Markaziy bankning kapital yetarliligi talablarini bajarishi zarur. Shu sabab UzNIF 2025-yil uchun ham dividend to‘lamaslik qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
Biroq Franklin Templeton kelgusida bank hajmi va kapitali oshgani sari SQBdan dividend to‘lashni kutmoqda.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda talab qilib olinmagan dividendlar muammosi deyarli yo‘qoldi — ILMA direktori o‘rinbosari
Energetika kompaniyalari nima sababdan qimmatlashdi
Marius Dan energetika kompaniyalari qiymatining keskin oshishida tarif siyosatidagi o‘zgarishlar asosiy omillardan biri bo‘lganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tartibga solinadigan aktivlar bazasi – RAB tizimini joriy etish va elektr energiyasini uzatish hamda taqsimlash tariflarining oshirilishi kompaniyalarning kelajakdagi daromadlari bo‘yicha kutishlarni yaxshilagan.
«Tarif kompaniya qiymatiga juda katta ta’sir qiladi. Bundan tashqari, elektr energiyasi iste’moli va uzatiladigan hajmlar oshgani sari bu kompaniyalarning tushumlari ham ko‘payadi», – dedi Marius Dan.
UzNIF taqdimotida O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari jamg‘arma NAVi o‘sishiga eng katta ijobiy hissa qo‘shgan kompaniyalardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzNIF aktivlari yarim yilda 6,1 foizga oshgani ma’lum qilingandi. Hisobotga ko‘ra, fondning sof aktivlari qiymati 6,1 foizga o‘sib, 30-iyun holatiga 31,67 trln so‘mga yetgan.