
Huawei Xitoyda Huawei Mate 90 flagman smartfonlari uchun norasmiy oldindan buyurtma qabul qilishni boshladi. Bu haqda Huaweicentral xabar berdi.
Hozircha Mate 90’ga internet orqali buyurtma berish imkoni yo‘q. Oldindan buyurtma qilish faqat ayrim jismoniy savdo nuqtalarida mavjud.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda Mate 90 seriyasini bron qilish boshlanganini ko‘rsatuvchi reklama materiallari aks etgan. Xaridorlarning yozishicha, qurilmani band qilish uchun 200 yuan miqdorida depozit to‘lash talab etiladi.
«Ko‘r-ko‘rona» buyurtma qilish tartibi qo‘llanmoqda
Bu usul «blind pre-order», ya’ni «ko‘r-ko‘rona oldindan buyurtma» deb ataladi. Bunda xaridor qurilmaning yakuniy narxi, texnik xususiyatlari va hatto tashqi ko‘rinishi rasman ochiqlanmasidan turib uni bron qiladi.
Ayrim foydalanuvchilar Huawei qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilgan va kompaniya vakillari ularga bunday bron qilish imkoniyati mavjudligini tasdiqlagan.
Avvalroq «Kursiv» Huawei Mate 90 seriyasining asosiy xususiyatlari ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.