UzNIF tarkibidagi energetika kompaniyalarida vaziyat o‘zgarishi mumkin — Marius Dan

eʼlon qilindi
«O‘zbekgidroenergo» samarali kompaniyalardan biri sifatida ko‘rsatildi
UzNIF tarkibidagi energetika kompaniyalarida vaziyat o‘zgarishi mumkin — Marius Dan
Foto: UzNIF

UzNIF portfelidagi kompaniyalarni «eng yaxshi» va «eng zaif» guruhlarga ajratmaydi, biroq tarixan eng katta moliyaviy qiyinchiliklar energetika sektoridagi korxonalarda kuzatilgan. Bu haqda Franklin Templeton Asset Management bosh direktori Marius Dan UzNIF aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Kursiv Uzbekistan savoliga javoban ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr va gazni taqsimlash hamda uzatish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning zarar ko‘rishiga asosan tariflarni shakllantirish tizimi sabab bo‘lgan.

Energetika kompaniyalarida vaziyat o‘zgarishi kutilmoqda

Marius Danning ta’kidlashicha, tartibga solinadigan aktivlar bazasi – RAB metodologiyasining joriy etilishi energetika kompaniyalariga infratuzilmaga investitsiya kiritish va bu investitsiyalardan daromad olish imkonini beradi.

«Tarixan rentabellik nuqtayi nazaridan eng katta qiyinchilik energetika kompaniyalarida bo‘lgan. Ammo biz ularning juda tez rentabellikka chiqishi va kelgusida o‘sishda davom etishi uchun imkoniyat borligini ko‘ryapmiz», – dedi u.

Uning fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi bilan elektr energiyasi va gazga talab ham ortadi. Shu sabab tarmoqlarni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni yaratish va elektr uzilishlarining oldini olish uchun katta investitsiyalar talab etiladi.

«Tarif metodologiyasining o‘zgarishi ushbu investitsiyalar amalga oshirilishini va kompaniyalar ulardan daromad olishini ta’minlashi kerak. Biz portfelning tarixan zarar ko‘rgan bu qismi kelajakda zarar bilan ishlamaydi, deb hisoblaymiz», – dedi Marius Dan.

2026-yil birinchi yarim yilligida aynan O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari UzNIF sof aktivlar qiymati o‘sishiga eng katta ijobiy hissa qo‘shgan – uning hissasi 5,2% punktni tashkil etgan. Issiqlik elektr stansiyalari hissasi esa 3,5% punkt bo‘lgan. Shu bilan birga, «Hududgazta’minot» NAV o‘zgarishiga 2% punkt salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

«O‘zbekgidroenergo» samarali kompaniyalardan biri sifatida ko‘rsatildi

Marius Dan portfeldagi nisbatan samarali kompaniyalardan biri sifatida «O‘zbekgidroenergo»ni alohida qayd etdi.

«O‘zbekgidroenergo — men alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Gidroenergetika global miqyosda eng talab yuqori bo‘lgan bizneslardan biri. Kompaniya listingga chiqqach, uning qiymati sezilarli bo‘lishi mumkin, deb hisoblaymiz», – dedi u.

UzNIF ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 31-iyul holatida jamg‘armaning «O‘zbekgidroenergo»da 40 foizlik ulushi mavjud bo‘lib, uning baholangan qiymati $353,4 mlnni tashkil etgan. Kompaniyaning UzNIF sof aktivlar qiymatidagi ulushi 13,4 foizga teng.

Biroq birinchi yarim yillikdagi qayta baholashda Uzbekgidroenergo UzNIF NAV o‘zgarishiga 1,6 foiz punkt salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

«O‘ztelekom» o‘smoqda, ammo rentabellik sekinroq

Marius Dan «O‘ztelekom»ning biznesi o‘sayotganini, biroq rentabellik darajasi xuddi shu sur’atda oshmaganini ham qayd etdi.

«O‘ztelekom yaxshi o‘smoqda, ammo ayrim sabablar tufayli uning rentabelligi unchalik sezilarli oshmadi. Biz aynan shu yo‘nalishda ishlayapmiz», – dedi u.

«O‘ztelekom» ayni paytda UzNIF portfelidagi eng yirik aktiv hisoblanadi. Jamg‘armaning kompaniyadagi 30 foizlik ulushi 31-iyul holatiga $481,5 mln deb baholangan va UzNIF NAVining 18,3 foizini tashkil qilgan.

Birinchi yarim yillikda «O‘ztelekom»ning qayta baholanishi jamg‘arma NAV o‘sishiga 4,5% punkt ijobiy hissa qo‘shgan.

UzNIF kompaniyalarni global raqobatchilar bilan solishtiradi

Franklin Templeton UzNIF portfelidagi kompaniyalarni bir-biri bilan emas, o‘z sohasidagi eng samarali xalqaro kompaniyalar bilan taqqoslashini bildirdi.

«Toshshahartransxizmat bo‘ladimi, suv ta’minoti kompaniyasimi yoki elektr ishlab chiqaruvchi korxona — biz ularning marjalarini dunyodagi eng samarali kompaniyalar bilan taqqoslaymiz. Maqsadimiz portfel kompaniyalarini o‘z sohasidagi global yetakchilar darajasiga olib chiqish», – dedi Marius Dan.

2026-yilning birinchi yarim yilligida aktivlarni qayta baholash UzNIF sof aktivlar qiymatiga qariyb 2,7 trln so‘m qo‘shgan. Natijada jamg‘armaning NAV ko‘rsatkichi qayta baholash hisobiga 9,2 foizga oshgan.

Shuningdek