BMT missiyasi: AQShning Erondagi ikki zarbasi harbiy jinoyat bo‘lishi mumkin

BMT Inson huquqlari kengashi topshirig‘i bilan ishlayotgan Eron bo‘yicha mustaqil xalqaro faktlarni aniqlash missiyasi AQShning Erondagi ikki havo zarbasida harbiy jinoyatlar sodir etilgan deb hisoblash uchun «asosli dalillar» borligini ma’lum qildi.
Minabdagi maktab zarba ostida qolgan
Missiya hisobotiga ko‘ra, AQSh kuchlari Minabdagi Shajareh Tayyebeh boshlang‘ich maktabiga berilgan zarba uchun javobgar bo‘lishi mumkin. Eron rasmiylari hujum oqibatida 150 dan ortiq odamlar, jumladan, qariyb 120 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lganini bildirgan.
BMT ekspertlari maktab fuqarolik obyekti bo‘lganini va undan harbiy maqsadlarda foydalanilganini tasdiqlovchi dalillar topilmaganini qayd etdi. Missiya zarbani «tanlamasdan amalga oshirilgan» deb baholab, uning fuqarolar o‘limi va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazganini bildirdi. Hisobot mualliflariga ko‘ra, bunday harakat xalqaro gumanitar huquq nuqtayi nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin.
Lamerd bo‘yicha ham shunday xulosa chiqarildi
Ekspertlar 28-fevral kuni Lamerd shahridagi sport markaziga berilgan zarba yuzasidan ham o‘xshash xulosaga kelgan. Hisobotda hujum yaqin atrofdagi turarjoylar va maktabga zarar yetkazgani, 22 nafar tinch fuqaro halok bo‘lgani yoki yaralangani qayd etilgan.
Biroq AQSh Markaziy qo‘mondonligi mart oyida bergan bayonotida o‘sha kuni Lamerd shahriga zarba berilmaganini bildirgan. Pentagon esa BMT missiyasining yangi hisoboti yuzasidan izoh berishdan bosh tortib, o‘z tekshiruvi davom etayotganini ma’lum qilgan.
Oq uy ham missiya xulosalarini rad etdi. AQSh ma’muriyati vakili Anna Kelli harbiy jinoyatlarda Eron hukumatini aybladi.
BMT Eron hukumatini ham aybladi
Shu bilan birga, missiya Eron hukumatining dekabr oxirida boshlangan norozilik namoyishlariga qarshi harakatlarini ham o‘rgangan. Ekspertlar noqonuniy qotilliklar, qiynoqlar, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, majburiy g‘oyib qilish va so‘z erkinligini keskin cheklash holatlarini qayd etib, ayrim harakatlarni insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida baholagan.
Missiya Eron rasmiylari keltirayotgan 3 038 nafar halok bo‘lgan va 25 ming nafar yaralangan haqidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan. Shu bilan birga, ekspertlar haqiqiy qurbonlar soni rasmiy ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Avvalroq «Kursiv» Tolibon Qirg‘izistondan BMT Xavfsizlik Kengashida qo‘llab-quvvatlashni so‘ragani haqida yozgan edi.