O‘qituvchilar farzandlariga kontrakt uchun 30 foiz chegirma beriladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi bakalavriatda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlariga to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma beriladi. Tegishli tartib Vazirlar Mahkamasining 17-sentabrdagi 501-son qarori bilan tasdiqlandi.
Chegirma kimlarga beriladi
Imtiyoz davlat OTMga o‘qishga kirgan yoki hozirda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlariga tatbiq etiladi.
Bunda talaba davlat oliy ta’lim tashkilotining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi kerak.
Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMda kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, 30 foizlik chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llanadi.
Qaysi holatlarda chegirma berilmaydi
30 foizlik chegirma quyidagi ta’lim shakllariga tatbiq etilmaydi:
- oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari;
- O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTM va ularning filiallari;
- qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt;
- xorijiy hamkor OTMning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlari;
- nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari.
Chegirma qanday olinadi
Talaba kontrakt.edu.uz tizimi orqali o‘z OTM rektori yoki filial direktoriga chegirma qo‘llash bo‘yicha ariza yuboradi.
Arizani ko‘rib chiqish jarayonida talabaning pedagog farzandi ekani «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tekshiriladi. Ma’lumotlar tasdiqlansa, chegirma avtomatik tarzda qo‘llanadi.
Arizalar 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Chegirma har bir o‘quv yili uchun bir marta beriladi.
Pedagog maqomi o‘zgarsa, chegirma ham to‘xtatiladi
Agar talabaning otasi yoki onasi pedagog maqomidan chiqarilsa, unga 30 foizlik chegirma keyingi o‘quv yilidan boshlab qo‘llanmaydi. Mazkur imtiyoz bo‘yicha tartib 2026/2027-o‘quv yilidan amal qiladi.
Avvalroq talabalar, jumladan, birinchi bosqichda tahsil olayotganlar ham to‘lov-shartnomasini olish uchun onlayn ariza yuborishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.