Qoraqalpog‘istonda 10 ming gektar intensiv bog‘ tashkil etiladi

Qoraqalpog‘istonda intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazish va buning hisobiga 40 mingta doimiy hamda mavsumiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Kegeyli tumanidagi «ADM Agro» korxonasining sanoatlashgan intensiv bog‘i bilan tanishganida ma’lum qilindi.
Loyiha Orolbo‘yining sho‘rlangan tuprog‘i va murakkab iqlim sharoitida ham zamonaviy bog‘dorchilikni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatishga qaratilgan. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda samarasiz yerlarda intensiv bog‘ va tokzorlar tashkil etish kengaytirilmoqda. Prezident administratsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda 44 ming gektar shunday maydonda intensiv va sanoatlashgan bog‘ hamda tokzorlar tashkil etilgan.

Loyihaga 55 mlrd so‘m yo‘naltirilgan
Kegeyli tumanidagi bog‘ning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Loyihaga 55 mlrd so‘m investitsiya kiritilgan va 100 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Hozirda 69 gektar maydonga AQShda seleksiya qilingan 250 ming tup qora olxo‘ri ko‘chati ekilgan. Mazkur nav sho‘rlangan yerlarga moslashuvchan bo‘lib, ekilganidan ikki yil o‘tib hosil bera boshlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir tup daraxtdan 50 – 60 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Mevaning yirikligi va danagining oson ajralishi uni qayta ishlash uchun ham qulay qiladi.
Daraxtlar orasidagi yerdan qo‘shimcha foydalanish maqsadida pomidor ekilgan. Uning har gektaridan o‘rtacha 40 – 45 tonna hosil olish rejalashtirilgan.

Suv sarfi 60 foizgacha kamayadi
Bog‘da yopiq drenaj va tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, an’anaviy sug‘orishda bir gektar maydon uchun 12 ming litr suv sarflansa, yangi tizimda bu ko‘rsatkich 5 ming litrgacha kamayadi. Natijada suv sarfi 60 foizgacha qisqaradi.
Suv va mineral o‘g‘itlar bevosita daraxt ildiziga yetkaziladi. O‘g‘itlarning 90 foizigacha o‘simlik tomonidan o‘zlashtirilishi aytilmoqda. Tizim avtomatlashtirilgan bo‘lib, katta maydonni bitta operator boshqarishi mumkin.
Mahsulot Xitoy, Koreya Respublikasi va Rossiyaga eksport qilinadi
Bog‘ hududida yetishtirilgan mevani quritish va qayta ishlash uskunalari ham o‘rnatilgan. Bu mahsulotni xomashyo sifatida sotish o‘rniga yuqori qo‘shilgan qiymat bilan realizatsiya qilish imkonini beradi.
Loyiha doirasida tayyor mahsulotlarni Xitoy, Janubiy Koreya va Rossiyaga eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgani ma’lum qilindi.
Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifini Kallibek Kamalov xonadonidan boshlagani haqida yozgan edi.