Xorazmda pensiyani oshirib berishni va’da qilgan hokim yordamchisi ushlandi

Xorazm viloyatida fuqaroning pensiya miqdorini oshirib berishni va’da qilib, 15 mln so‘m olgan hokim yordamchisi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Urganch shahri Jambul mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi fuqaroning ishonchiga kirgan.
Pensiyani oshirib berishni va’da qilgan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hokim yordamchisi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Sh.Yu.ning turmush o‘rtog‘ining yoshga doir pensiya miqdorini oshirib berishini aytib, buning evaziga 15 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Keyinchalik u olingan pulning 14,9 mln so‘mini fuqaroga qaytarib berayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Ohangaronda MChJ rahbari 83,5 ming dollar olayotganda ushlangani haqida yozgan edi.