Anorbank aksiyadoriga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi, Pokiston Isroilga qarshi o‘ynashdan bosh tortdi — 19-sentabrdagi yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 19-sentabr kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: Anor bank

Kursiv Uzbekistan 19-sentabr kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi

Anorbank aksiyadori Kaxramonjon Olimovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi

Foto: Kakhramon Olimov / LinkedIn

2025-yil yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilganini da’vo qilgan o‘zbekistonlik moliyachi Kaxramonjon Olimov endilikda odam o‘g‘irlashni tashkillashtirishda ayblanib, xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda The Insider nashri xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlar hozircha e’lon qilinmagan, biroq nashr manbasiga ko‘ra, Olimov o‘zining sobiq ish beruvchisi Botir Rahimovni badnom qilish maqsadida Parijdagi o‘g‘irlanish holatini soxtalashtirgan bo‘lishi mumkin.

Toshkent va Nukus o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Instagram

2027-yilning mart oyidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi va yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti ikki barobardan ko‘proqqa qisqarishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Yangi qatnov yo‘lga qo‘yilishi natijasida safar vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.

Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasida Pokiston Isroilga qarshi o‘ynashdan bosh tortdi

Foto: The Nation

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha 46-Jahon Olimpiadasining birinchi turida Pokiston terma jamoasi Isroil bilan o‘ynashdan bosh tortdi. Bu haqda World Chess portali xabar berdi.

Pokiston shaxmat federatsiyasi ushbu qaror hukumat siyosatiga muvofiq va Falastin xalqi bilan birdamlik belgisi sifatida qabul qilinganini bildirdi. Natijada Isroil jamoasi o‘yinsiz 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Shunga qaramay, Pokiston turnirdagi ishtirokini davom ettirmoqda.

Bahodir Jalolovning navbatdagi jangi sanasi va raqibi e’lon qilindi

Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi jangini 17-oktabr kuni London shahridagi «O2 Arena»da britaniyalik Solomon Dakresga qarshi o‘tkazadi. Bu haqda o‘zbekistonlik bokschi o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Jalolov va Dakres to‘qnashuvi oqshomning asosiy jangi Daniel Dyubua va Fabio Uordli o‘rtasidagi revansh uchrashuvi oldidan bo‘lib o‘tadi. Tomonlar jangni o‘tkazish bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgan. Solomon Dakres faoliyati davomida 10 g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan.

Bahodir Jalolov professional ringda shu paytgacha 17 ta jang o‘tkazgan. Ushbu janglarning 15 tasida u raqiblarini muddatidan oldin – nokaut evaziga mag‘lub etgan.

AQSh va Daniya Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishdi

Foto: Reuters / Marko Djurica

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Grenlandiyada harbiy ishtirokini oshirishini va orol xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda u 18-sentabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Grenlandiya va o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun orolda barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha cheklanmagan huquqqa ega bo‘ldi.

Toshkentda SAT sertifikati uchun 1,5 ming dollar so‘ragan jinoiy guruh ushlandi

Foto: Ekran tasviri

Toshkent viloyatida oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyoz beruvchi xalqaro SAT sertifikatini noqonuniy yo‘l bilan olib berishga ixtisoslashgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Guruh a’zolarining asosiy qismini Yevropadagi nufuzli universitetning Toshkentdagi filiali talabalari, shuningdek, Osiyoning yetakchi davlatlaridan birining poytaxtdagi filiali talabasi tashkil etgan. Ular Yangihayot tumanida joylashgan xususiy maktab binosida maxsus «bunker» tashkil qilishgan.

Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 12 foizga tushiriladi

Rasm: IgorVetushko / Depositphotos

Qoraqalpog‘istonda aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik uchun ajratiladigan kreditlar stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga pasaytiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi moliyaviy yengilliklar hisobiga hududda qo‘shimcha 50 ming kishining doimiy daromadini oshirish maqsad qilingan.

Anorbank aksiyador bilan bog‘liq shov-shuvli xabarlarga munosabat bildirdi

Foto: Kollaj / Kursiv Uzbekistan

Anorbank o‘zining aksiyadorlaridan biri va kuzatuv kengashi a’zosi Kaxramonjon Olimov xalqaro qidiruvga berilgani haqidagi xabarlar ortidan bayonot e’lon qildi. Bank aksiyadorga oid vaziyat muassasa boshqaruvi, kapitali va operatsion faoliyatiga aloqador emasligini ta’kidlagan.

Bank ushbu holat shaxsiy masala ekanini ta’kidlab, barcha operatsiyalar odatdagi tartibda davom etayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek